Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻrta Chirchiqdagi yoʻl transport hodisasi boʻyicha bayonot berdi

17:29 29 Aprel 2019 Jamiyat
407 0

Joriy yil 29 aprel kuni soat 01:44da Oʻrta Chirchiq tumani hududidan oʻtuvchi 4R20 avtomobil yoʻlining 6-kilometrida “Mersedes-bens” rusumli avtobus yoʻldan chiqib ketib, avtohalokatga uchragan.

Natijada avtobus ichida 53 nafar yoʻlovchidan 27 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Jarohatlanganlarga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga mos ravishda zudlik bilan tekshiruvlardan oʻtkazilib, belgilangan tartibda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, ulardan 19 nafariga ambulator yordam koʻrsatilib, uyiga javob berilgan. Yana 2 nafari Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, uyiga ruxsat berilgan. Ular patronaj xizmatiga nazoratiga olingan. Qolgan 6 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Travmatologiya va Shoshilinch xirurgiya boʻlimlariga yotqizildi. Ularning ikki nafari: 54 yoshli Asqad Qobilov va 2,5 yoshli Robiya Maʼmurboyeva muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Ayni paytda jarohatlangan bemorlar oʻzlarini yaxshi his qilishmoqda.

Bundan tashqari, ushbu yoʻl transport hodisasi ishtirokchisi boʻlgan barcha yoʻlovchilarning xonadonlariga borildi, ahvolidan xabar olinib, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari tashkil etilgan.

Barcha bemorlar Sogʻliqni saqlash vazirligi nazoratida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?