Sog‘liqni saqlash vazirligi Oltiariqda kaltaklangan shifokor voqeasi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

10:24 06 Avgust 2018 Jamiyat
436 0
Arxiv foto

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani, Poloson qishlog‘ida yuz bergan voqea yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tezkor o‘rganish ishlarini olib bordi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati “Xalq so‘zi”ga ma’lum qildi.

2018 yilning 3 avgust kuni soat 16:30da Poloson qishlog‘i, Mozortagi ko‘chasi, 50-uyda istiqomat qiluvchi, 1949 yilda tug‘ilgan Mirzajalil Hakimovning behush yotganligi to‘g‘risida qarindoshlari tomonidan tuman markaziy tez tibbiy yordamiga murojaat kelib tushgan. Chaqiruv markaziy tez tibbiy yordami bo‘limi orqali qabul qilinib, soat 16:31da 89-qishloq oilaviy poliklinikasiga uzatilgan. Tez tibbiy yordami xodimlari, ya’ni shoxobchaning navbatchi vrachi Shuhratbek Sirojiddinov va hamshira Umidaxon Husanovalar shu zahoti, soat 16:32da chaqiruvga chiqib ketishgan. Xonadonga tez tibbiy yordami brigadasi soat 16:36, ya’ni 4 daqiqa ichida (O‘zbekiston Respublikasi SSVning 2018 yil 19 fevraldagi 105-sonli buyrug‘ida tez tibbiy yordami brigadasi chaqiruvga 25 daqiqa ichida yetib borishi belgilangan) yetib borishgan.

Navbatchi vrach tez tibbiy yordami mashinasidan tushib bemorni ko‘rish uchun shoshib kirib ketayotgan paytida bemorning nabirasi shifokorni haqorat qilib, besabab do‘pposlagan. Vrach Sh. Sirojiddinov bosh va qulog‘i aralash bexosdan tushgan kuchli zarbadan og‘ir miya jarohati olishi hisobiga hushidan ketib yiqilgan. Shunday vaziyatda ham o‘z xizmat vazifasini unutmagan hamshira Umidaxon Husanova bemorni kirib ko‘rganda bemor allaqachon vafot etganligi, hatto bemorning qarindoshlariga xabar berilib ular yetib kelishganining shohidi bo‘lgan.

Vrach Shuhratbek Sirojiddinov ham birozdan so‘ng hushiga kelgach, o‘rnidan turib bemorni ko‘rgani kirganida 70 yoshga kirgan Mirzojalil Hakimovning bir necha daqiqa avval vafot etganligi, murda allaqachon sovib bo‘lganligi va hatto qarindoshlari murdaning iyagini xam bog‘lab qo‘yganligini ko‘rgan. Vrach Shuhratbek Sirojiddinov o‘rnidan turayotganda olgan og‘ir jarohati hisobiga yana hushidan ketib yiqiladi va tez tibbiy yordami mashinasida Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordami bo‘limiga “Og‘ir kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, chap quloq suprasi atrofi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, chap quloq pardasining yirtilishi” tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqiziladi. Bemorga viloyat markazidan yuqori malakali, oliy toifali shifokorlar: reanimatolog Natalya Kitayeva, neyroxirurg Baxtiyorjon O‘rinov va otorinolaringolog Shuhrat Turg‘unboyev yuborilib, konsilium o‘tkazildi. Konsilium xulosasiga binoan bemorning ahvoli og‘ir baholanib, davo muolajalarini davom ettirilishi tavsiya etildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, shifokorlar tomonidan minglab xonadonlarga borib, beminnat ko‘rsatgan xizmatlari uchun xalqning hurmatini qozonib kelgan. Lekin ba’zi bir yuqoridagi kabi malakali shifokorlarning do‘pposlanishi va haqoratlanishi tibbiyot xodimlarining himoyasiz ekanligidan dalolat bermoqda. Bunday holatlar oxirgi paytlarda tez-tez uchrayotgani tajribali shifokorlarning birlamchi tizimdan ketib qolishlariga sabab bo‘lmoqda. Shu bois har bir tibbiyot xodimining haq-huquqlarini himoya qilish, munosib rag‘batlantirishni kuchaytirish borasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun Farg‘ona viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?