Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi: Chekish umringizni qisqartiradi

10:05 31 May 2018 Jamiyat
390 0

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyoda 1,5 milliard kishi sigaret chekadi. Bu ko‘rsatkichning yildan-yilga o‘sib borayotgani jahonda o‘ta xavotirli vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Ahvol shu darajaga yetdiki, butun insoniyatga mazkur illat keltirayotgan iqtisodiy hamda ma’naviy zararning oqibatlari va ko‘lamini hisoblashning imkoni yo‘q.

Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar boshchiligida unga qarshi kurash olib borilsa-da, kashandalikni batamom bartaraf etishning imkoni bo‘lmayapti. 1988 yildan boshlab har yili 31 may — Xalqaro kashandalikka qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlab kelinadi. Shu kuni butun dunyoda chekishning salbiy oqibatlarini ko‘rsatish, bashariyatni bu illatdan voz kechishga chaqirish, kashandalik bilan bog‘liq xastaliklarni kamaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.

Kecha ushbu sana munosabati bilan “Poytaxt” biznes markazida mamlakatimizda tamakiga qarshi kurashish borasida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar hamda tibbiyot xodimlari qatnashdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ayniqsa, navqiron avlod vakillarining ushbu illatga ruju qo‘yishining oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kengaytirish borasida so‘z yuritdilar.

Tadbirda soha xodimlari ishtirokchilarga tamaki iste’mol qilish inson salomatligiga qanchalik xavf solishi haqida aniq misollar va hayotiy voqealar asosida ma’lumot berdilar. Xususan, uning tutuni tarkibida 4000 dan ziyod zaharli moddalar mavjud. Kashandalik tufayli har yili jahonda deyarli 7 million kishi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda. Ulardan 900 mingdan ortig‘ini chekmaydigan, lekin tamaki tutuni ta’siri ostida zaharlanganlar tashkil etadi.

So‘nggi taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 2,8 million nafardan ortiq doimiy chekuvchilar bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pining hayoti xavf ostida qolmoqda.
Davra suhbatida barchani ogohlikka chaqiradigan shu kabi xavotirli dalil va ko‘rsatkichlar ishtirokchilarga havola qilindi. Bu borada ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishi lozimligi alohida qayd etildi. Bunga keng jamoatchilikni ham jalb qilish borasida jurnalistlar bilan kelishib olindi.

Yunus BO‘RONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?