Sogʻliqni saqlash vazirligi: Kuniga oʻn ming qadam yursangiz, xastalik sizdan shuncha qadam ortda qoladi 

11:23 03 Avgust 2019 Jamiyat
211 0

Soʻnggi yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishda asosiy eʼtibor kasalliklar bilan kurashishga emas, aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasini oshirish hamda tizimli profilaktikaga qaratilmoqda. Bunda jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish hamda zararli odatlarni tark etish muhim oʻrin tutadi.

Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning 3-avgust, shanba kuni mamlakatimiz boʻylab aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida ommaviy salomatlik tadbirlarining navbatdagisi “Sport – sogʻlom hayot kechirishning asosi” shiori ostida har bir tibbiyot muassasasi hududi va xiyobonlarda aholi ishtirokida koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Jumladan, poytaxtimizning Mirobod tumanida joylashgan “Mehrjon” bogʻida ham 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashgʻulotlari amalga oshirildi.

Muntazam jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish inson salomatligiga ijobiy taʼsir qilishi hammamizga kundek ravshan. Chunki tananing kunlik jismoniy faoliyatga ehtiyoji bor va u qondirilishi zarur. Negaki, kamharakat turmush tarzi koʻplab va surunkali kasalliklarning manbaiga aylanmoqda. Oddiy semirishdan tortib, to qandli diabet, yurak va qon tomir, boʻgʻimlar, astma kabi xastaliklar harakatsizligimiz oqibatida paydo boʻlish ehtimoli katta.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan kamharakatlilik oqibatida kelib chiqayotgan koʻplab kasalliklarning oldini olishda jismoniy faollik, jumladan, kuniga 10000 qadam yurish tavsiya etilmoqda. Buni amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishingiz mumkin. Mobil telefonidagi ilova yoki fitnes soati qadamingizni beminnat hisoblab beradi. Bu esa bizning yurishga, faollikka boʻlgan qiziqishimizni yanada oshirishga xizmat qiladi. Agar siz fitness soatingizning dastur menyusiga qarasangiz ham, kuniga 8000-10000 qadam tashlash boʻyicha tavsiyalarni koʻrasiz.

Eʼtiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda koʻp energiya sarflashning hojati yoʻq, ijobiy taʼsiri esa juda yuqori. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta oʻlim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Yaʼni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol boʻlgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sogʻlomroq ekan. Gimnastika mashqlari ham salomatlik uchun foydali boʻlib, uning natijasida, mushak tizimini mustahkamlanadi, boʻgʻimlar harakati yaxshilanadi. Bundan tashqari, kuch, tezlik, chidamlilikni tarbiyalaydi. Sogʻlomlashtiruvchi taʼsir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va toʻgʻri rivojlanishi taʼminlanadi.

Unutmaylik, sogʻlom turmush tarzi, jumladan, yurish va gimkanistka kabi yengil jismoniy mashqlar holsizlik, uyquning buzilishi, diqqat-eʼtiborni jamlay olmaslik, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik kabi salbiy holatlarning oldini oladi, salomatlikni mustahkamlaydi, kasalliklardan muhofaza qiladi hamda umrni uzaytiradi. Buning uchun koʻp narsa talab etilmaydi. Shunchaki, jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirsangiz kifoya.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?