Sogʻliqni saqlash vazirligi Isroilning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

17:01 25 Avgust 2018 Jamiyat
270 0
Foto: “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Shu kunlarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Isroil davlatida rasmiy tashrif bilan boʻlib turibdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad – sogʻliqni saqlash tizimidagi eng soʻnggi oʻzgarishlar, boshqaruvning samarali usullari, zamonaviy tibbiyot uskunalari va texnologiyalari bilan tanishish, xorijiy muassasa va mutaxassislar bilan yaqin aloqalarni oʻrnatish.

Delegatsiya aʻzolari Tel-Aviv, Ierusalim va Xolon shaharlariga tashrif buyurib, sogʻliqni saqlash tizimi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdilar hamda yetakchi tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdilar. Isroil sogʻliqni saqlash vazirligi, tez tibbiy yordam, milliy tibbiy sugʻurta tizimi, davlat tibbiyot markazi, xususiy shifoxonalar, bolalar va ayollar uchun ixtisoslashgan boʻlimlar faoliyati oʻrganildi.

Bundan tashqari, yurak-qon tomirlari va onkologik kasalliklarga ixtisoslashgan hamda xalqaro standartlar asosida yuqori sifatli xizmatlar koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarda boʻldilar. U yerda shifokor va yetakchi mutaxassislar bilan fikr almashib, koʻplab foydali maʻlumotlar va tajribalarni oʻrgandilar.

Zamonaviy innovatsion texnologiyalar, eng soʻnggi rusumdagi tibbiyot uskunalari imkoniyatlari, telemeditsina, elektron tibbiyot kartasi, maʻlumotlar bazasi kabi Isroil sogʻliqni saqlash tizimining asosi hisoblanuvchi vosita va tizimlar ham eʻtibordan chetda qolmadi. Shifoxonalarda yoʻlga qoʻyilgan logistika va operativ harakatlanish usullari ham oʻrganildi.

Vakillarimiz Xolon shahriga tashrif davomida “Volfson” shifoxonasi qoshida tashkil etilgan “Save Childs Heart” loyihasi ishtirokchilari bilan uchrashdilar.

Isroil davlatida oʻtkazilgan dastlabki muzokaralar natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi dunyoga mashhur va yetakchi tibbiyot muassasalari hisoblanuvchi “Sheba” davlat tibbiyot markazi, “Schneider” bolalar tibbiyot markazi, “Magen David Adon” tez tibbiy xizmati hamda “LR group” kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumlari, shuningdek, ikki davlat vazirliklari oʻrtasida telemeditsina yoʻnalishida kelishuv hujjati imzolandi.

Hamkorliklar doirasida Isroil klinikalari tomonidan oʻzbekistonlik shifokorlarga bepul maslahatlar beriladi hamda mutaxassislar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, telemeditsina yoʻnalishida oʻzbekistonlik eng yaxshi bolalar shifokorlari, shu jumladan ankolog va transplantologlar Isroil davlatida malaka oshiradilar hamda doimiy ravishda yetakchi shifokorlar bilan onlayn muloqotlar tashkil etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?