Sogʻliqni saqlash vazirligi diqqatiga: Fargʻona shahrida sil kasalligi shifokorlari va aholi jiddiy xavf ostida qolmoqda

15:42 04 Mart 2019 Jamiyat
1043 0

Foto: Muallif olgan surat.

Ushbu mavzuda fikr yuritishdan avval sizga bir savol bermoqchimiz: shunchaki profilaktik tekshiruvdan oʻtishga yoki shu kasal bilan ogʻrimaganligingiz toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun viloyat sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseri hududi ichiga vaqtincha tiqishtirilgan ftiziatriya boʻlimiga borgan boʻlarmidingiz? Agar sizning farzandlaringiz yoki boʻyiga yetib qolgan qizingizning u yerga borishiga toʻgʻri kelsa-chi? Bizningcha, javob oddiy: yoʻq, albatta! Oʻsha hududning istalgan joyi — havoda, yerda, dov-daraxtlarda yuqish xavfi oʻta yuqori boʻlgan sil tayoqchalari (kox mikrobakteriyasi)ning boʻlmasligiga hech qanday kafolat yoʻq-ku? Afsuski, Fargʻona shahrida bir yildan buyon shu ahvol!

Mavzuga chuqurroq yondashamiz

Fargʻona shahri, Nurafshon koʻchasi, 7-uyda faoliyat olib borgan Fargʻona shahar sil kasalliklariga qarshi kurash dispanserining 2017 yilda sohada boʻlib oʻtgan optimizatsiya tufayli nomi oʻzgartiriladi va unga Fargʻona shahar tibbiyot birlashmasi Markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasi qoshidagi Ftiziatriya boʻlimi maqomi beriladi. Bino esa 3 qavatdan iborat respublikada yagona (tipovoy) moslashtirilgan, 10 dan ortiq boʻlimlari va barcha qulaylikka ega edi. 2018 yilning 17 martida shahar hokimining 325-sonli “Fargʻona shahar sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseri balansida boʻlgan Nurafshon koʻchasi 7-uyda joylashgan bino inshootlarini shahar hokimligi tasarrufiga qaytarib olish toʻgʻrisida”gi qarori chiqadi. Hamma muammolar va shahar aholisining koʻplab eʼtirozlari ana shu qarordan soʻng boshlandi.

Fargʻona shahar Markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasi qoshidagi Ftiziatriya boʻlimi (shahar sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseri) xodimlari Fargʻona shahar hokimining buyrugʻi bilan vaqtincha ijara asosida Fargʻona shahri, Kelajak (eski Musa Jalil) koʻchasi, 7-uyda joylashgan Fargʻona viloyati sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseri hududining oʻrtasidagi bir qavatli rentgen boʻlimiga koʻchirib oʻtkazildi. Shifokor va hamshiralardan iborat jami 62 nafar xodimni mutasaddilar 8 ta moslashtirilgan xonaga “ustalik bilan” joylashtirishdi. Eng achinarlisi, bu binoda bir vaqtning oʻzida (eʼtibor bering) Ftiziatriya boʻlimi xodimlaridan tashqari Fargʻona viloyati miqyosidagi sil kasalliklari dispanseri va rentgen boʻlimi xodimlari rentgen apparati bilan birgalikda bir yildan buyon ogʻir sharoitda ish faoliyatini olib borishyapti.

Muammo nimada?

Soraxon Qoraboyeva, vrach-ftiziatr:

— Eng asosiy xavf va muammo — ftiziatriya boʻlimimizning viloyat sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseri hududi ichida, qoq markaziga joylashtirilganida. Sil kasalligi bilan ogʻrigan ogʻir kasallar boʻlimi bizning shundoqqina atrofimizda joylashgan. Bemorlar doimiy ravishda tungi va kunduzgi sayrga chiqishadi. Tasavvur qilyapsizmi, atrofimiz toʻla nafas orqali yuquvchi sil tayoqchalari bakteriyalari va balgʻam qoldiqlari. Ftiziatriya boʻlimimizga esa, asosan, profilaktik tekshiruvlar uchun bir kunda oʻrtacha 240 nafar sogʻlom aholi keladi. Masalan, bir yil mobaynida 3 mingdan ortiq nikohlanuvchilar, mingga yaqin oʻquvchi va kollej talabalari, abituriyentlar, 2 ming nafarga yaqin harbiy xizmatga chaqiriluvchilar, temuriylar maktabi vakillari, jazoni oʻtash muassasalaridan ozod etilganlar kelishadi.

Shohsanam Oxunboyeva, ftiziopediatr:

— Men, asosan, bolalar bilan ishlayman. Toʻgʻrisi, koʻpchilik ota-onalar farzandlarini, ayniqsa, immuniteti past bolalarini oddiy koʻrik uchun ham boʻlimga olib kelmay qoʻydi. Viloyat dispanserining hududida joylashganimiz uchun kasallik orttirib olishidan qoʻrqishadi. Dispanserning rentgen boʻlimi bilan bir binoda boʻlganligimiz bois har kuni koʻrikka kelgan sogʻlom aholi hamda sil kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar kutish zalida aralashib ketadi. U yogʻi esa oʻzingizga ayon...

Yaqinda ikki nafar xodimimizni tugʻuruq taʼtiliga kuzatdik. Afsuski, ularning homilasida gidrotsefaliya (homila miyasida suv yigʻilishi) kuzatilgan. Shifokorlar doimiy tarzda rentgen nurlari yaqinida boʻlganligini aytishyapti.

Aslida ftiziatriya boʻlimining dispanser ichida joylashtirilishi mumkin emas. Chunki sil kasalliklariga qarshi kurash dispanserining asosiy vazifasi — davolash. Ftiziatriya boʻliminiki esa tekshirish, sogʻlom aholi orasida sil kasalligini erta aniqlashdan iborat. 

Barnoxon Gʻofurova, katta hamshira:

— Har bir xona 8 kvadrat metrdan iborat boʻlib, xonada Z ta vrach ftiziatr 4 ta hamshira bilan bemor qabul qilib oʻtiramiz. Agar uchala vrachning biriktirilgan hududidan bir vaqtning oʻzida Z ta bemor koʻrik uchun kelib qolsa, hamshiralar xonadan tashqariga chiqib turishga majbur.

Aslida bir dona vrach qabuli uchun xona 0342-17 Sanitariya qoida va meʼyorlariga asosan 12 kvadrat metr boʻlishi, devorlar moyli boʻyoq bilan 1,7 metrgacha boʻyalgan boʻlishi va har haftada zararsizlantiruvchi moddalar bilan yuvib turilishi zarur. Hozirgi holat esa ish usulini qiyinlashtirib, xodimlar orasida sil kasalligi bilan xastalanishiga imkon yaratib bermoqda. Biz turgan binodan 15 metr yaqinlikda bakteriologik laboratoriya va MLU (silning turgʻun formasi) boʻlimi joylashgan. Bu yoʻlaklardan, afsuski, har kuni profilaktik maqsadda dispanserga qatnovchi tibbiy koʻrikdagi harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar, kelin-kuyovlar, oʻquv bilim yurtiga va ishga kiruvchilar, tez-tez shamollash kasalligiga uchrayotgan bolalar, muloqotdagilar, diaskintest va R-Mantu musbat natija bergan fuqarolar infitsirlangan yoʻlakdan oʻtadi. Bu holat esa, ming afsuski, kasallik yuqishi bilan birgalikda kasallik infeksiyasi shifoxonadan tashqariga tarqatilyapti, degani hamdir. Xonalar hech bir amaldagi tibbiy qonun-qoidalarga, qarorlarga va ularda koʻrsatilgan meʼyorlarga toʻgʻri kelmaydi. Baʼzi bir xonalarning derazalari yoʻqligi sabab havo almashinishi uchun imkon yoʻq, hatto. Barcha xodimlar tiqilib-siqilib tor xonalarda rentgendan nurlangan holda ish olib borishga majbur.

Sherzod Haydarov, davolanuvchi, Fargʻona shahar, Yangi asr koʻchasi:

— Dispanserda 2001 yildan beri roʻyxatda turaman. Bir yilda ikki marta 2-3 oy mobaynida yotib davolanaman. Uyda esa bolalarimga yuqib qolmasligi uchun alohida kvartirada yashayman. Lekin belgilangan talabga asosan 3 nafar farzandim har olti oyda kontakt boʻlib qolmaganligini bilish uchun koʻrikdan oʻtishadi. Ftiziatriya boʻlimi viloyat sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseriga koʻchirib oʻtkazilganidan keyin farzandlarimni koʻrikka olib kelmay qoʻydim. Chunki u yerda sogʻlom insonga sil kasalligi yuqishi xavfi bor. Uning ustiga qizimning allaqachon boʻyi yetib qolgan. Biror tanish-bilishim, mahalladoshlarim koʻrib qolsa, qanday xayolga borishadi?! “Notoʻgʻri xayolga bormanglar, qizim sogʻlom, faqat profilaktik koʻrik uchun kelgan”, deb har biriga aytib chiqamanmi?

Saida Yoʻldosheva, Fargʻona shahri, A. Qodiriy koʻchasi:

— Oʻgʻlim 1 yoshu yetti oylik boʻldi. Shifokor maslahati bilan Ftiziatriya boʻlimiga koʻrikdan oʻtkazgani olib keldim. Hayron boʻldim, yangi koʻchib oʻtgan joyi dispanserning ichida, bu ham yetmagandek, rentgen boʻlimida ekan. Bu yerda kasallangan va sogʻlom fuqarolarning hammasi bir koridorda. Har biri bilan individual ishlashga xonalar yetishmaydi. Oddiy fuqaro boʻlib bu ishlar notoʻgʻri ekanligiga aqlim yetib turipti-ku?! Shu ishning boshida turganlar, mutaxassislar, epidemiologlar bunga qanday yoʻl qoʻyishdi ekan? Farzandimning immuniteti pastroq. Boshqa u yerga olib bormayman. Kasallikni yuqtirib olishidan juda qoʻrqaman.

Xodimlar bu masalada yuqori idoralarga murojaat qilishganmi?

Fargʻona shahar hokimligi mutasaddilari tomonidan vaqtincha binoga koʻchish arafasida 6 oy ichida yangi shunday maxsus bino qurib berilishi aytilgan edi. Mana, bir yildirki, bu masala hamon ochiq qolmoqda. Ftiziatriya boʻlimi boshligʻi Savriddin Tutiyev shu masalada “quyidan yuqoriga” tartibida Fargʻona shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi X. Mamadjonovga, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi O. Umarovga va Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shodmonovga jamoa nomidan xat yuboradi. Jamoaning aytishicha, birorta murojaatga javob xati kelmagan. Hatto, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi qabuliga ham jamoaviy arz qilib borishgan. Natija boʻlmagan. Faqatgina 2019 yilning 19 fevral kuni Fargʻona shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi S. Obidjonovga yoʻllangan murojaatga javob maktubi (2019 yil, 27 fevral kungi 01-09/02-939-sonli xat) keldi.

Matnning aslini keltiramiz:

“Haqiqatan ham, Fargʻona shahar tibbiyot birlashmasi Markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasi sil kasalliklari boʻlimi Fargʻona shahri, Kelajak koʻchasi, 7-uyda Fargʻona viloyati silga qarshi kurash dispanseri hududida joylashgan boʻlib, 8 ta xonada joylashtirilgan. Ushbu binolarda bundan tashqari viloyat silga qarshi kurash dispanseri mutaxassislari ham joylashgan. Bu holat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 28.08.2014 yildagi №0314-14-sonli “Silga qarshi davolash muassasalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi sanitariya qoida va meʼyorlari”ning 2.18, 3.4-bandlari talablari qoʻpol ravishda buzilgan, yaʼni viloyat silga qarshi kurash shifoxonasi hududining oʻrtasida joylashgan, aholi uchun alohida kirish-chiqish yoʻlaklari tashkillanmaganligi, aniqlangan holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 28.08.2014 yildagi №0314-14-sonli “Silga qarshi davolash muassasalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi sanitariya qoida va meʼyorlari”ning 2-boʻlim 2.18-bandi va 18-boʻlim 9 ta bandi talablari boʻyicha tashkil etilmaganligi, xonalar joylashuvi va sanitariya holatlari “Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi №0292-11-sonli sanitariya qoida va meʼyorlari talablari muvofiqlashtirilmaganligini bildiradi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Fargʻona shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Oʻzbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-373-sonli Qonunining 2-boʻlim 12-moddasiga asosan, shahar hududida aholi oʻrtasida sil kasalliklari tarqalishining oldini olish, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining №0314-14, №0292-11-sonli talablariga muvofiqlashtirish maqsadida joriy yilning bir oyi mobaynida Markaziy koʻp tarmoqli poliklinika sil kasalliklari boʻlimi uchun alohida yangi binosi qurilishi ishlari yakunlangunga qadar boshqa joyga koʻchirish masalasini hal etilishini, aks holda Fargʻona shahar tibbiyot birlashmasi Markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasi sil kasalliklari boʻlimi ish faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida ogohlantirish xati chiqarilganligini maʼlum qiladi”.

Shifokor Savriddin Tutiyevning aytishicha, oʻtgan yilda 2500 kvadrat metr hududda uch qavatli Fargʻona shahar sil kasalliklariga qarshi kurash dispanserining qurilishi uchun hujjat ishlari boshlangan. Afsuski, resurs-mablagʻ yoʻqligi sababli Fargʻona shahar hokimi tomonidan qaror chiqarilmagan. Qizigʻi shundaki, hali qurilmagan, lekin qachondir qurilajak binoning yana aynan sobiq Muso Jalil koʻchasi, 7-uyda (viloyat sil kasalliklariga qarshi kurash dispanseri manzili) joylashtirilishi rejalashtirilganining oʻzi ham odamni oʻyga toldiradi. Nega ikki shifoxonaga yana aynan bir xil manzil?! Axir gap Ftiziatriya boʻlimini umuman boshqa manzilga koʻchirib oʻtkazish haqida ketmayapti-ku?

 

Holat yuzasidan oʻrganishlar davomida Ftiziatriya boʻlimi xodimlari yangi bino qurmasdan ham muqobil variantlarda bu masalani oson hal qilish mumkin ekanligini aytishmoqda. Masalan, Fargʻona shahar 3-oilaviy poliklinikasining 2 qavatli binosi, shu poliklinika yangi binosining hozirda kam sonli umumiy amaliyot shifokorlari faoliyat koʻrsatayotgan 3-4-qavatlari yoki 5-oilaviy poliklinikaning eski binolariga koʻchib oʻtish takliflarini bildirishmoqda.

Xulosa oʻrnida

Shu yilning 13 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Bu hujjatning qabul qilinishi bugungi biz koʻtargan mavzu qanchalar jiddiy ekanligiga dalolat qiladi. Sababi, bu muammolar ostida epidemiologik xuruj, inson salomatligi va taqdiri yotibdi. Qarorda mintaqaviy epidemiologik holatni muntazam ravishda tahlil qilish va monitoringini olib borish, sil va uning dorilarga chidamli shakllari, oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishi tendensiyalarini prognoz qilish belgilab qoʻyilgan. Shuning barobarida 7-band, 3-xatboshisida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga ushbu qarorda belgilangan barcha tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, ftiziatriya muassasalarining oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi hamda zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik koʻrsatib oʻtilgan.

Yuqorida bayon qilingan muammo va masalalar yuzasidan mutasaddilardan javob kutamiz. “Xalq soʻzi” bu mavzuga yana qaytadi.

Elyorjon Ehsonov, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?