Sogʻliqni saqlash vazirligi: Chaqaloqning oʻlimiga emlash sabab boʻlmagan

10:04 18 Iyul 2019 Jamiyat
213 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi 2019-yil 5-aprelda tugʻilgan M.N.ning oʻlimi yuzasidan dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra, quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Darhaqiqat, M.N. 2019-yil 12-iyul kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 40-oilaviy poliklinikada poliomelit, rotavirus va pnevmokokkga qarshi emlanadi. Emlash ishlari poliklinika emlash hamshirasi M. Rahmatova tomonidan amalga oshirilgan. Shundan soʻng ikki kun davomida bolaning tana harorati 38 darajaga koʻtarilgan. 15-iyul tonggi soat 3:00-5:00 da vaziyat yomonlashgach, tez yordam chaqirilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi kelganda chaqaloq vafot etgan boʻlgan.

Bolaga emlash jarayonida qoʻllanilgan vaksinalar xususiyatlarini inobatga olgan holda, aytish mumkinki, emlashdan keyin tana harorati 38 darajada boʻlishi tabiiy holat. Ushbu harorat juda kam hollarda bolaning markaziy asab tizimiga taʼsir qilishi mumkin. Bundan tashqari, uyda 2-3 kun davomida nima sodir boʻlganligi, chaqaloq qanday sharoitda parvarish qilinganligi,unda qanday qoʻshimcha salbiy taʼsirlar kuzatilganligi ham hali maʼlum emas.

– Aniqlanishicha, 12-iyul kuni poytaxtimizdagi 40-oilaviy poliklinika emlash xonasida 51 nafar bolada emlash amalga oshirilgan boʻlib, ularning birontasida hamemlashdan soʻng reaksiyalar qayd etilmagan, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitar epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshligʻi Dilmurod Mirzaboyev. – Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda milliy emlash kalendari asosida har oyda 2 yarim million nafar bola vaksinalar bilan emlanadi va ularning emlashdan keyingi holati tizimli ravishda oʻrganib boriladi. Eng muhimi, yurtimizda shu paytgacha ushbu vaksinalar bilan bogʻliq salbiy holatlar biror marta boʻlsa-da, roʻyxatga olinmagan. Jumladan, poliomiyelit va pnevmokokka qarshi vaksinalarga umuman tibbiy cheklov yoʻq, ular oʻlim bilan bogʻliq asoratlarni umuman keltirib chiqarmaydi. Bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining nufuzli ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan.

Bundan tashqari, emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qoʻllanilayotgan samarali va eng sifatli emlash vositalari BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) va boshqa xalqaro tashkilotlar sertifikati asosida mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda qayta tibbiy-laborator sinovlardan oʻtkaziladi. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sertifikat bilan kafolatlanadi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga yetkaziladi. Emlash muolajalari shahar va tumanlarda aholiga biriktirilgan oilaviy poliklinika, chekka joylarda esa qishloq oilaviy poliklinikalari va vrachlik punktlarida malakali shifokor koʻrigidan oʻtilgach, maxsus oʻqitilib, tegishli ruxsatnoma olgan hamshiralar tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga koʻra, M.N.ning oʻlimiga emlash sabab boʻlmagan. Shu oʻrinda qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasining milliy profilaktik emlash kalendari va Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi asosida har bir emlangan bola 3 kun davomida patronaj hamshirasi tomonidan xabar olinishi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, hamshiralar bolani emlanganidan soʻng maʼlum vaqt nazoratga olmaganligi holati oʻrganilib, oʻz ishiga loqaydlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan qatʼiy choralar koʻriladi. Ayni paytda M.N.ning oʻlim sababini aniqlashtirish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazilmoqda.

Aniqlangan holat yuzasidan qoʻshimcha axborot beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?