Sogʻliqni saqlash vazirligi: Bolalar va oʻsmirlar orasida semizlik jiddiy muammoga aylanmoqda

11:49 18 May 2019 Jamiyat
451 0

Joriy yil 18 may, shanba kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz boʻylab “Oʻsmirlar orasida semizlikka qarshi” tadbiri doirasida faol yurish boʻyicha ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, ushbu tadbir poytaxtimizdagi Botanika bogʻida ham aholi ishtirokida koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Eʼtiborli jihati, muntazam oʻtkazilayotgan bu kabi ommaviy tadbirlar aholida sogʻlom turmush tarziga boʻlgan qiziqishini oshirib, ularni jismoniy faol boʻlishga undayotgani quvonarli.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti taxminlariga koʻra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Semizlik nafaqat kattalar oʻrtasida, balki bolalar va oʻsmirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Maʼlumotlarda keltirilishicha, 1975 yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan 340 milliondan ziyod bolalar va oʻsmirlar semizlikka duchor boʻlishgan.

Bolalar va oʻsmirlar orasida semizlik va semirishning tarqalishi 1975 yildagi 4 foizdan 2016 yilda 18 foizgacha koʻtarildi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, qizlarning 18 foizi va oʻgʻil bolalarning 19 foizi ortiqcha vaznga ega. Mazkur faktlar jamiyatimiz uchun semizlik jiddiy tahdid ekanini koʻrsatmoqda. Ushbu xavfning oldini olishda jismoniy faollik, jumladan, faol yurishning ahamiyati katta.

Yurishning foydali ekani barchamizga maʼlum. Yaʼni, faol yurish orqali semizlikdan tashqari, yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli oʻsmalar, nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olgan boʻlamiz. Yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda koʻp energiya sarflashning hojati yoʻq, ijobiy taʼsiri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga taʼsir koʻrsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak toʻqimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — oʻsmirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.

Shuningdek, joriy yil may oyi davomida yurtimizning barcha hududlarida sogʻliqni saqlash tizimi tasarrufidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har haftada seshanba kuni – mahallarda “Salomatlik maydonchalari”, chorshanba kuni – maktab, kollej va oliy oʻquv yurtlarida “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz”, payshanba kuni – jamoat joylarida “Salomatlik maydonchasi”, juma kuni – mahallarda “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkasi” kabi tadbirlar uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti.

Mamlakatimiz boʻylab tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?