Sog‘liqni saqlash vazirligi: Andijonda bo‘g‘ma kasalligiga gumon qilingan tashxis tasdiqlanmadi

17:36 11 May 2018 Jamiyat
442 0
Foto: "Халқ сўзи online"

Ayrim xorij internet nashrlarida Andijon shahrida yashovchi 3,5 yoshli bolada bo‘g‘ma (difteriya) kasalligi qayd etilganligi to‘g‘risida xabarlar berilgan edi.
Mazkur masalani joyiga chiqib o‘rganish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi D. Tursunova boshchiligida mamlakatimizdagi yetakchi olim va shifokorlardan iborat tezkor guruh tashkil etilib, Andijon shahriga yuborildi.

Joriy yilning 7 may kuni 2014 yil 21 avgustda tug‘ilgan A. Shuhratbekov “yiringli-nekrotik angina” birlamchi tashxisi bilan Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. 
Onasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bola 5 may kuni muzqaymoq iste’mol qilgan va 6 may kuni unda holsizlanish, injiqlik, rangini oqarishi kabi belgilar paydo bo‘lgan. 7 may kuni tana harorati ko‘tarilishi, omoqda og‘riq kuzatilgani bois bola viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, shifoxonada mutaxassislar tomonidan bemor ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng, unga zamburug‘li angina birlamchi tashxisi qo‘yilib, o‘rtacha og‘irlikda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng tahlil uchun tegishli biologik namunalar olinib, laboratoriyaga topshirilgan va barcha muolajalar vaqtida o‘tkazilgan. 

Bemor Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan mutaxassislar tomonidan konsilium qilinib, takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Unga yiringli-nekrotik angina va bo‘g‘maga qo‘shimcha tekshirish buyurildi.
Ta’kidlash joizki, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar milliy emlash jadvaliga muvofiq, bo‘g‘ma kasalligiga qarshi 4 marotaba emlangan.

Ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida 11 may kuni bemor A. Shuhratbekovning umumiy salomatligi qoniqarli, deb baholandi. U faol harakatlanmoqda, ovqatlanishi yaxshi, isitmasi yo‘q. Yaqin kunlarda uyiga javob beriladi va shundan so‘ng bemor hududdagi tibbiy patronaj xizmati nazoratiga olinadi. 

Joriy yilning 11 may kuni mikrobiologik tahlil natijalari ham olindi. Andijon viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bakteriologiya laboratoriyasining 2018 yil 11 maydagi 56-, 57- va 284-sonli mikrobiologik tekshirish natijalari hamda kasallik klinikasi va kechishi asosida bemorga streptokokk etiologiyali yiringli-nekrotik angina yakuniy tashxisi qo‘yildi. 

Ayrim xorij elektron nashrlari tarqatganidek, bemor A. Shuhratbekovga qo‘yilgan bo‘g‘ma kasalligi taxminiy tashxisi tasdiqlanmadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?