Sogʻliqni saqlash vazirligi aholini jaziramadan saqlanishi uchun tavsiyalar berdi

18:03 29 May 2019 Jamiyat
241 0

Illyustrativ foto

Oʻlkamizga jazirama yoz fasli kirib kelmoqda. Maʼlumki, bu faslda havo harorati keskin koʻtarilib, inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shunday vaziyatlarda insonlar salqin joyda hordiq chiqarishadi, oftob urmasligi uchun turli usullarni qoʻllay boshlashadi. Xoʻsh, issiq harorat taʼsiridan qanday saqlanishimiz, bu mavsumda qanday kiyinishimiz va ovqatlanishimiz lozim? Bu haqda Sogʻliqni saqlash vaziriligi quyidagilarni maʼlum qildi.

Vaziyat nazoratimizda boʻladi

Yoz faslining boshlanishi, ayniqsa, eng issiq davr “chilla”ning kirib kelishi mamlakatimiz aholisi uchun biroz noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Boisi serquyosh oʻlkamizning ayrim hududlarida havo harorati keskin koʻtarilib, janubiy viloyatlarda +45, +50 darajagacha yetadi.

Yurtimiz aholisi bunday anomal issiq kunlarida zarurat sezganda respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali va 180 ga yaqin tuman va shahar boʻlimlari xamda 2460 ta tez tibbiy yordam brigadalari orqali tunu kun tez, sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin. Mazkur davolash muassasalari malakali mutaxassislar va zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda toʻliq taʼminlangan. Bundan tashqari, ushbu holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Qolaversa, har bir tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida “Ishonch telefon”lari faoliyat koʻrsatmoqda.

Avvalo boshni asrang!

Taʼkidlash joizki, jaziramaning bunday kunlarida, avvalo, boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyatga ega. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari oʻtgan boʻlib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratining koʻtarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakning tez urishi, bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish kabi holatlar kuzatilishi mumkin.

Nima tanovul qilgan maʼqul?

Tabiiyki, issiq kunlari koʻp miqdorda suv ichish organizm faoliyatini yaxshi ishlashga va suv-tuz balansini meʼyorlashtirishga yordam beradi. Ammo bunda organizmning suv tanqisligini toʻldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha, oddiy ichimlik suvini isteʼmol qilish kerak.Shuningdek, issiq kunda yogʻli goʻsht mahsulotlar isteʼmolini kamaytirib, yengil hazm boʻluvchi taomlar isteʼmolini koʻpaytirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, meva va sabzavotlar ham organizmda yaxshi singib, ichki aʼzolar faoliyatini normallashtirishga yordam beradi.

Yana shuni alohida taʼkidlash lozimki, yoz kunlarida xiyobon va koʻcha yon atroflarida qoʻlbola usullarda tayyorlanib, isteʼmol uchun chiqarilgan turli sharbat, ayron, goʻja hamda shu turdagi mahsulotlarni xarid qilmagan maʼqul. Boisi kun davomida quyosh nuri tushib turgan hamda isteʼmolga yaroqlilik belgisi mavjud boʻlmagan bu turdagi mahsulotlar salomatlik uchun oʻta xavfli boʻlib, turli noxush vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qanday kiyinish kerak?

Yoz kunlari tabiiy matodan tikilgan, havoni yaxshi oʻtkazib, quyosh nurini qaytaradigan hamda keng tikilgan kiyimlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular terini nafas olishiga imkon yaratadi hamda tana haroratining koʻtarilib ketishiga toʻsqinlik qiladi. Qolaversa, jazirama kunda bosh kiyim kiyib yurish ham maqsadga muvofiq.

Tush paytida koʻchaga chiqmang!

Maʼlumki, quyosh nuri 12.00 dan 16.00 gacha juda ham faol holatda boʻladi. Shuning uchun bu vaqt oraligʻida koʻchaga chiqmagan maʼqul. Ammo vaziyat kelib chiqib, shu vaqt oraligʻida tashqariga chiqish toʻgʻri kelsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan saqlashga harakat qilish darkor.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?