Sogʻliqni saqlash vazirligi aholini ommaviy sport bilan shugʻullanishga chaqirmoqda

15:59 22 Oktyabr 2018 Jamiyat
295 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati ommaviy sport bilan faol shugʻullanib, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishda tashabbus koʻrsatishmoqda. Mashgʻulotlarda vazirlik markaziy apparati xodimlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari rektor va prorektorlari hamda respublika davolash muassasalari bosh shifokorlari qatnashdi.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Darhaqiqat, sogʻlom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi, millat genafondiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bois ham muhtaram Prezidentimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport, shaxsiy gigiyenaga amal qilish, chiniqish hamda turli zararli odatlardan voz kechish hal qiluvchi rol oʻynaydi. Ushbu jihatlarga rioya qilsak, koʻplab xavfli xastaliklar, jumladan, miokard infarkt, insult, qandli diabet, onkologik kasalliklarning oldini olgan boʻlamiz. Jismoniy faol insonning dunyoqarashi va fikrlashi ham sogʻlom, mehnatida esa unum boʻladi. Aholi orasida sogʻlom turmush tarzi, jumladan, ommaviy sportni keng targʻib qilish sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining ham ustuvor vazifasidir”, – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Ushbu yoʻnalishda malakali kadrlar bilan yetarli darajada taʼminlash, sohaning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, eng muhimi, sport tibbiyotini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovning bu boradagi fikrlari bilan Xalqaro press klubning “Jismoniy tarbiya va sport: muhim islohotlar davrida muammolar yechimiga yangicha nazar” mavzusidagi navbatdagi sessiyasidan olingan quyidagi lavhada ham batafsil tanishishingiz mumkin.

Eslatib oʻtamiz, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 sentyabr kuni oʻtkazilgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda aholining barcha qatlamlarini sport bilan shugʻullanishga jalb qilish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish va boshqa koʻplab dolzarb masalalarga eʼtibor qaratilib, tegishli idora va mutasaddilar oldida turgan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?