Sogʻliqni saqlash vaziriga yangi oʻrinbosar lavozimi joriy etildi

17:01 06 Fevral 2019 Siyosat
292 0

Sogʻliqni saqlash tizimi islohotlariga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi.

“Huquqiy axborot“ kanaliga koʻra, qaror bilan sogʻliqni saqlash sohasiga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.

Vazir oʻrinbosari, jumladan, quyidagilar uchun masʼul hisoblanadi:

  • xalqaro standartlar va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini implementatsiya qilgan holda sogʻliqni saqlash sohasini kompleks huquqiy tartibga solish;
  • sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish va tashkil etish tizimini takomillashtirish;
  • majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etish;
  • davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini tatbiq qilish;
  • sohaga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;
  • “elektron sogʻliqni saqlash” tizimlarini keng joriy etish.

Mazkur lavozimga sogʻliqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy mutaxassis jalb etiladi hamda u Prezident tomonidan tayinlanadi.

Shuningdek, sogʻliqni saqlash vazirining mazkur oʻrinbosari bir vaqtda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari maslahatchisi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?