Sogʻliqni saqlash vaziri Tugʻuruq muassasalarining 31 nafar rahbar xodimini lavozimidan ozod etdi

16:47 20 Oktyabr 2018 Jamiyat
702 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Barcha sohada boʻlgani kabi sogʻliqni saqlash tizimida ham keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar samaradorligi esa, shubhasiz, fidoyi mutaxassislarning adolatli va shaffof faoliyati bilan bevosita bogʻliq. Shu sababli ham tizimda noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi keskin kurashish va ularni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Misol uchun, respublikada ayollarga bosqichma-bosqich perinatal yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan 210 ta tugʻruq muassasasi mavjud boʻlib, soʻnggi yillarda ushbu shifoxona jamoalarida maʼnaviy muhitni yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish borasida izchil ishlab olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur muassasalar moddiy texnik bazasini mustahkamlash, dori-darmon bilan yetarlicha taʼminlanganligi hamda xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratilganligiga ham jiddiy ahamiyat berilayapti. Darhaqiqat, ushbu yoʻnalishlarda muammolar qanchalik kam boʻlsa, korrupsiyaga moyillik holatlari ham oʻz-oʻzidan bartaraf etilishiga sabab boʻladi.

Bundan tashqari, tugʻruq muassasalarida koʻrsatilayotgan xizmat sifati va shifokorlarning turli noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan aholi oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi taʼminlanmoqda. Shuningdek, oʻtgan yili ona va bola salomatligini muhofaza qilish boʻyicha nufuzli muassasalarning 33 nafar yetakchi olimlari joylarda tibbiy xizmat sifati hamda kasb madaniyatini yuksaltirishga koʻmaklashish maqsadida hududlarga rahbarlik lavozimiga tayinlandi.

– Respublikadagi barcha tugʻruq muassasalarida 2635 nafar akusher-ginekolog faoliyat yuritadi. Joriy yilning oʻtgan 9 oyida 507 131 ta tugʻruq qayd etilgani ham ular mehnati nihoyatda masʼuliyatli ekanidan dalolat, –deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Oilalarga quvonch va baxt ulashguvchi ushbu shifo maskanlarida korrupsiya koʻrinishlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Zero, har bir ota-ona farzandli boʻlar ekan, ushbu muassasadan rozi boʻlib chiqib ketishi kerak. Afsuski, ayrim holatlarda shifokorlarning noqonuniy xatta-harakatlariga guvoh boʻlamiz. Bunday noxush holatlarga qarshi yanada jiddiy kurash olib borilmoqda. Soʻnggi yillarda vazirlik tomonidan homiladorlarga perinatal yordam koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida olib borilgan ishlar va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan respublikadagi tugʻruq muassasalari rahbarlaridan 31 nafari lavozimidan ozod etilgan va intizomiy choralar qoʻllanilgan.

Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Soha muassasalari holatini tizimli oʻrganish va muammolarni bartaraf etishni yoʻlga qoʻyish, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida ijobiy maʼnaviy muhitni shakllantirish, tibbiy va xoʻjalik xizmati xodimlarini oʻrnatilgan mehnat tartibiga amalga qilishga erishish, statsionar xizmat sifatini oshirish, tibbiyot maskanlarida taʼmagirlik va poraxoʻrlik holatlarining oldini olish, tugʻruq komplekslaridagi bemorlar orasida soʻrovnoma oʻtkazishni tiklash maqsadida Sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanovning buyrugʻi asosida monitoring oʻtkazish uchun ishchi guruhlar tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhlar joriy yil 15 oktyabrdan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tugʻruq muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy va Respublika perinatal markazlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinik tugʻruq hamda 3-klinikasi ginekologiya boʻlimlari faoliyatini oʻrganishmoqda.

27 oktyabrga qadar davom etadigan monitoring natijalari chuqur oʻrganilib, tahlil etiladi hamda mavjud kamchiliklar boʻyicha qatʼiy chora-tadbirlar belgilab olinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?