Sog‘liqni saqlash vaziri: “Tibbiyot xodimini majburiy mehnatga jalb etish endi tarixda qoladi” 

17:30 20 Aprel 2018 Jamiyat
640 0
Foto: SVV Axborot xizmati

​Ijtimoiy soha xodimlarining jamoat ishlariga majburiy jalb etilayotgani, bu borada ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan qonunbuzarlik va ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatilayotgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan jiddiy tanqid qilinmoqda. Ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga jalb etgan har bir rahbar qattiq ogohlantirilmoqda. 
Joriy yilning 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A. Aripov rahbarligida hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot, ta’lim muassasalari xodimlari, talabalar va boshqa ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. 

Ushbu topshiriqlar ijrosini bekamu ko‘st bajarish, tibbiyot xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etish holatlarini butunlay bartaraf etish, bu borada barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mas’ullari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha viloyat, tuman va shahar hokimi o‘rinbosarlari, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, Respublika miqyosidagi davolash-profilaktika muassasasi rahbarlari, ilmiy-tekshirish institutlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlar direktorlari ishtirok etdi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan “Xalq so‘zi online”ga taqdim etilgan xabarda.

Foto: SVV Axborot xizmati

Yig‘ilishda ijtimoiy soha xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etishga chek qo‘yish borasida qator vazifalar belgilandi. Jumladan, xodimlar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish, tibbiyot xodimlarini qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish ishlariga majburan jalb etilmasligini alohida nazoratga olish bo‘yicha shifoxonalar kesimida doimiy ishlovchi komissiyalar tashkil qilish belgilandi.  

Videoselektordan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb etilishining achinarli oqibatlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Prezidentimiz ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatga jalb etish, ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanishni davlat rahbarining siyosatiga xiyonat deya baholadi, — deydi A. Shadmanov. — Kuni kecha Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham bu alohida ta’kidlandi. Ilgari shifokoru hamshirani turli jamoat ishlariga olib chiqishga yo‘l qo‘yilgandir, lekin bugun zamon o‘zgardi, yondashuv o‘zgardi. Tibbiyot xodimini majburiy mehnatga jalb etish endi tarixda qoladi. Sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘indagi rahbarlari shuni anglashi lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqparvar siyosati majburiy mehnat degan illatni tag-tugi bilan yo‘qotishga, xalq manfaatini birlamchi o‘ringa qo‘yishga qaratilgan. Tizimda faoliyat yuritayotgan hech bir xodim endi majburiy mehnatga jalb etilmaydi. Ko‘zbo‘yamachilik, bir-birimizni aldash bilan bugun o‘tishi mumkindir, lekin bu bilan kelajakni qura olmaymiz.    
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?