Sogʻliqni saqlash vaziri: “Sogʻlom turmush tarziga amal qilgan fuqarolar ragʻbatlantiriladi"

10:50 15 Oktyabr 2020 Jamiyat
212 0

Davlatimiz rahbari 13-oktyabrdagi Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasida boʻldi. U yerdagi zamonaviy qiyofa kasb etgan oilaviy poliklinikaga kirib, xodimlar va aholi bilan suhbatida tibbiyot bilan sport hamohangligini kuchaytirib, odamlarni sogʻlom turmush tarziga odatlantirish, aholining umrini uzaytirish masalalari borasida takliflar berdi. “Koʻp yurish bilan toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini yoʻlga qoʻyib olsak, tibbiyotdagi 30-40 foiz masalani hal qilgan boʻlamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Oqoltin tumani tajribasi asosida aholi orasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish taklifini ilgari surdi.

Ayni shu tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida kuni kecha Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Oqoltin tuman hokimligida qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari shifokorlari, mahalla faollari va aholi vakillari bilan uchrashdi. Tadbirda aholini toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faoligini oshirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi, ushbu amallarning sogʻlom hayotga qaytarishdagi samarasi borasida soʻz bordi.

— Koronavirus infeksiyasi kishilarning sogʻligʻi, hayotiga xavf solayotgan bir paytda hammani virusdan zararlanganda qanday qilib undan tez va oson qutulish mumkin, degan savol qiynamoqda, — dedi A.Shadmanov. — Muammoning yagona va eng samarali yechimi sogʻlom turmush tarziga amal qilishdir. Bu nafaqat virusdan himoyalanish, balki uzoq va baxtli hayot kechirishning ham eng asosiy qoidasi, talabi hisoblanadi. Kasallikning kuchli asoratlari va oʻlim holatlari asosan yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, oʻpkaning surunkali kasalliklari boʻlgan yoki ortiqcha vaznga ega boʻlgan, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilgan, kamharakat insonlarda uchramoqda. Shuni unutmasligimiz kerakki, kasallikning yengil kechishi yoshga bogʻliq emas, katta yoshda boʻlsa ham toʻgʻri ovqatlanadigan, jismoniy faol boʻlgan, semizligi va diabeti boʻlmagan insonlarda kasallik ancha yengil kechadi.

Sogʻlom turmush tarzining asosi esa, jismoniy faollik va toʻgʻri ovqatlanishdir. Mutaxassislarning fikriga koʻra, inson kuniga 5-7 kilometr yursa, qon tomir kasalliklari, yurak xuruji, insult kabi hastaliklardan butunlay yiroq boʻladi. Ortiqcha vazn esa, kasalliklar uyasidir.

Oqoltin tajribasi asosida aholimizni koʻproq yurishga, toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilishlariga odatlantiramiz. Avvalo, ularning jismoniy holatini aniqlab olish uchun aholi vakillarining boʻyi, vazni, bel aylanasi oʻlchanib, tibbiy varaqalarida qayd etiladi. Har bir mahallada aniq belgilangan bir vaqtda oʻzaro masofa saqlagan holda keksayu yoshlarni yurish marofoniga chorlanadi. Odamlar buning foydasini tushunib yetgachgina har kuni uzoq masofaga yurish, toʻgʻri ovqatlanishni odatga aylantiradi.

Shuningdek, mahallalar oʻrtasida “Eng sogʻlom mahalla”, “Eng sogʻlom koʻcha” tanlovlari oʻtkazilib, oʻz salomatligiga befarq boʻlmagan fuqarolarga turli ragʻbatlantirish mukofotlari taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?