Sog‘liqni saqlash vaziri: Saratonga chalinmaslikning iloji bor!

18:11 02 Iyul 2018 Jamiyat
1011 0

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonda onkologiya xizmatining bugungi holati, onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov zamonaviy tibbiy tadqiqotlarga tayanib, onkologik kasalliklardan himoyalanish yo‘llari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Eng avvalo, sog‘lom ovqatlanish madaniyatiga rioya etish zarur. Chunki onkologik kasalliklarning kelib chiqishiga, avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish jiddiy sabab bo‘lmoqda. Ya’ni, tarkibida inson sog‘lig‘i uchun zararli moddalari bo‘lgan oziq-ovqat va ichimliklarni iste’mol qilish saratonga olib kelishi zamonaviy ilm-fanda to‘liq tasdig‘ini topdi. Bunday oziq-ovqatlar qatoriga qizil go‘sht, kolbasa va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar, yog‘li taomlar, shakar, tuzni kiritish mumkin. Bundan tashqari, chekish, ichish, semizlik ham saratonni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarziga to‘la rioya etish, belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida emlatish, jismonan faol bo‘lish onkologik kasalliklarning oldini olishning muhim omilidir”, - deydi A. Shadmanov.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, aholi orasida bu yo‘nalishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolash ishlarini tizimli asosda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari kabi onkologiya xizmati ham xalqimizning talab va ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirilmoqda.

Xususan, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida onkologiya muassasalari rahbariyati butunlay o‘zgartirildi. Viloyatlardagi onkologiya dispanserlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filialiga aylantirildi. Markazda ishlayotgan o‘n nafardan ko‘proq malakali olimlar va yetakchi mutaxassislar viloyat filiallariga rahbar etib tayinlandi. Natijada har bir viloyatda oldinlari qilinmagan eng murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlandi. Ilmiy izlanishlarga keng yo‘l ochildi.

Onkologiya muassasalarini dori-darmon bilan ta’minlash yaxshilandi. Sir emas, yaqin-yaqingacha onkologik bemorlarni dori-darmon bilan ta’minlash bor-yo‘g‘i 26 foizni tashkil etar, bu xalqimizning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.

Prezidentimizning 2017 yil 4 aprelda qabul qilingan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada yechimini kutayotgan bunday muhim vazifalarni hayotga tatbiq etishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Qarorda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida ijro etilishi natijasida bugungi kunga kelib onkologiya muassasalarini dori bilan ta’minlash 3 barobarga oshdi. Joriy yil oxiriga borib deyarli to‘liq ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur qaror asosida, shuningdek, onkologiya sohasida profilaktika, diagnostika, skrining va davolash ishlari ham takomillashmoqda. Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish maqsadida sut bezi va bachadon bo‘yni saratoni skrining tadqiqotlari boshlab yuborildi. Sut bezi saratonini erta aniqlash uchun 13 ta mobil, 16 ta statsionar mammografik uskunalar xarid qilinmoqda. Qizilo‘ngach, me’da va kolorektal saraton bo‘yicha Farg‘ona viloyatida tajriba tariqasida skrining tadqiqotlari rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari va yetakchi mutaxassislaridan tuzilgan guruhlar joylarga chiqib, mahalliy shifokorlar uchun yangi tibbiy texnologiyalar yuzasidan mahorat darslari tashkil etmoqda, aholiga maslahat, tashxis, davolash yordami ko‘rsatilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?