Sogʻliqni saqlash vaziri sayyor qabulda 57 ta murojaatni ijobiy hal qildi

17:05 03 Aprel 2019 Jamiyat
429 0

Buxoro viloyati Vobkent tumanida Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul oʻtkazildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Vobkent, Gʻijduvon, Shofirkon, Romitan, Peshku hamda Buxoro tumanlari fuqarolari qatnashgan mazkur tadbirda 57 nafar fuqaroning murojaati atroflicha oʻrganib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Qayd etish joizki, murojaatlarning asosiy qismi tugʻma yurak nuqsoni, tayanch-harakat aʼzolari, asab tizimi, buyrak va nafas yoʻllari xastaliklari yuzasidan boʻlib, ularning aksariyati imtiyozli asosda tegishliligi boʻyicha viloyat tibbiyot muassasalari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanishi belgilandi.

Jumladan, kardiologik jarrohlik operatsiyasi orqali davolanishda amaliy yordam soʻragan vobkentlik Maftuna Ergashevaga Respublika ixtisoslashtirish xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolash va operatsiya qilish uchun itimyozli asosda yoʻllanma beriladigan boʻldi. Nogironlik aravachasiga ehtiyoji bor yana bir vobkentlik Jalil Jurayevga shu yerning oʻzidanogironlik aravachasi taqdim etildi.

Shofirkon tumanidan Oʻgʻiloy Kamolova esa bosh miya xastaligi bilan ogʻrigan nabirasi Mirzohid Xayrulloyevning davolanishi uchun amaliy yordam soʻradi. Ushbu murojaat yuzasidan viloyat tibbiyot muassasalaridan pediatr, psixiatr, nevropatolog, ortoped kabi yetakchi tor mutaxassislarni tumanga yuborib, bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, tajribali mutaxassislar ishtirokida konsilium qilgan holda viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolash choralarini koʻrish belgilandi.

Sayyor qabulda romitanlik Dilmurod Saidovning muammosi ham yechim topdi. U ikki tomonlama koksartroz operatsiyadan keyingi holat tashxisi bilan davolanish va operatsiya uchun amaliy yordam soʻragan edi. Uni endoprotez bilan taʼminlash masalasi shu kunning oʻzida hal qilinib, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli ravishda operatsiya qilish va davolash rejalashtirildi.

Hozirgi kunda joylarda aholi bilan bevosita muloqot qilish, mavjud muammolarni joyida hal etish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Shu maʼnoda, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam tashkil etilayotgan sayyor qabullar tibbiyot xodimlari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, xalq bilan yanada samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularning hayotiy ehtiyoj va talablarini yaqindan bilish, xususan, yurtimizda koʻrsatilayotgan kafolatlangan hamda boshqa tibbiy xizmat turlari boʻyicha hal etilmagan muammo yoki takliflarni atroflicha oʻrganib, ularga oʻz vaqtida yechim topish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sayyor qabulda ishtirok etgan fuqarolar sogʻliq atalmish ulkan boylikni asrab-avaylashda oʻz yordamini ayamayotgan shifokorlarga oʻz minnatdorligini bildirishdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil etilgan boʻlib, fuqarolar vazirlikning rasmiy veb-sayti — www.ssv.uz, shuningdek, ushbu internet manzilida koʻrsatilgan elektron pochta yoxud telefon orqali mazkur virtual qabulxonaga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat yuborishi mumkin. Har bir murojaat shaxsan Sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan koʻrib chiqilib, nazoratga olinadi hamda qonun doirasida hal etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?