Sogʻliqni saqlash vaziri: “Oʻzbekistonda har yili 700 ming nafar homilador ayollar yuz foiz skrining tekshiruvi bilan qamrab olinadi”

14:32 11 Mart 2019 Jamiyat
454 0

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 dekabrda qabul qilingan “2018 – 2022 yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qarori bilan bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, nasliy kasalliklarga qarshi ommaviy skrining tekshiruvlarini oʻtkazish boʻyicha amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Shuningdek, ushbu dasturda zamonaviy skrining xizmatidan mamlakatimizningeng olis tumanlarida yashovchi aholi ham toʻliq bahramand boʻlishini taʼminlash koʻzda tutilgan boʻlib,ushbu vazifalar ijrosi doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan homilador ayollarni ultratovush tekshiruvidan toʻliq oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilib, bu borada barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan Davlat byudjeti hisobidan dunyodagi nufuzli “General Electric” kompaniyasining eng zamonaviy 200 ta ultratovush tekshiruvi apparatlari xarid qilindi. Mamlakatimizning barcha tuman va shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining prenatal tashxis xonalari yuqori texnologik imkoniyatga ega boʻlgan ushbu apparatlar bilan jihozlandi,– deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Natijada, ilgari homilador ayollar poytaxtimiz yoki viloyat markazlariga sarson boʻlib, kelib-ketishgan boʻlsa, hozirda bunga hojat qolmadi. Bundan tashqari, avvallari homilador ayollarimiz ultratovush tekshiruvi bilan 40-50 foiz qamrab olingan boʻlsa, ayni paytda yurtimizda har yili oʻrtacha 700 ming nafar homilador ayollarimiz yuz foiz skrining tekshiruvi bilan qamrab olinadi. Eng muhimi, 14 haftagacha boʻlgan muddatdagi homila oʻsishida tugʻma nuqsonlarni barvaqt aniqlash, oʻlimga olib boradigan nuqsonlarga ega bolalar tugʻilishining toʻliq oldini olish imkoni paydo boʻldi. Endilikda shifokorlarimiz yanada masʼuliyatli boʻlishi barobarida, homilador ayollarimiz ham oʻz vaqtida skrining tekshiruvidan oʻtishga eʼtiborli boʻlishi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?