Sog‘liqni saqlash vaziri: “O‘zbekistonda “aqlli tibbiyot” tizimi joriy etilmoqda”

11:36 12 Aprel 2018 Jamiyat
600 0
Foto: SSV Axborot xizmati

2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida joriy yil yakuniga qadar mamlakatimiz tibbiyot sohasida “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi” konsepsiyalarini mavjud sharoitlarga moslashtirish va tatbiq etish belgilangan edi. 
“Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi” o‘zi nima? Uning ishlash prinsipi qanday? Ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligida mazkur vazifa ijrosi doirasida qanday ishlar ishlar olib borilayotgani ko‘pchilik yurtdoshlarimizni qiziqtirishi tabiiy. Chunki bu konsepsiya yurtimizga yangilik sifatida kirib kelmoqda. 

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlaydigan “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy axborot markazi” konsepsiyalarini o‘z sharoitimizga moslashtirib tatbiq etishimiz kerakligini alohida ta’kidlagan edi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. —Agar kuzatadigan bo‘lsak, rivojlanishning innovatsion yo‘lidan borayotgan mamlakatlarda “aqlli texnologiyalar” barcha sohalarda keng tatbiq etilmoqda: “Aqlli uy”, “Aqlli qishloq”, “Aqlli shahar” kabi tizimlar mamlakatning muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanishini ta’minlamoqda. Chunki “aqlli texnologiyalar”ning asosiy maqsadi — kam vaqt va kuch sarflab, yuqori natijaga erishishdir. “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi” ham ayni shu mezon asosida ishlab, kasalliklarni oldindan aniqlash, ularni masofadan profilaktika qilish imkonini beruvchi yirik bir tizim hisoblanadi. Bu esa foydalanuvchiga istalgan vaqtda va istalgan joyda tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini yaratadi. Eng muhimi, xizmat sifati eng chekka qishloqda ham, poytaxtda ham bir xilda bo‘lishi ta’minlanadi. U o‘z ichiga birlamchi tibbiy bo‘g‘indan tortib, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatgacha bo‘lgan jarayonlarni ham qamrab oladi. 

Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi” bemorning ambulator kartasi, kasalliklar tarixi kiritilgan elektron ma’lumotlar bazasidir. Bu bazada bola dunyoga kelishidan boshlab, salomatligi bilan bog‘liq barcha ma’lumot, emlash va davolanishlari kiritib boriladi. Bemorni davolovchi shifokorda ushbu bazaga kirish, qo‘shimcha ma’lumot joylashtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi. 

— Shu o‘rinda qog‘oz ko‘rinishdagi ambulator kartadan elektron shaklning qanday afzalligi bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, — deya so‘zida davom etadi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Avvalo, elektron shaklda inson omili bilan bog‘liq xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, karta yo‘qolishi, ma’lumotlar to‘liq yoki umuman yozilmasligi kabi holatlarning oldi olinadi. Muolaja tayinlashda bemorning butun kasallik tarixi, ilgari olgan muolajalari bilan tanishish imkoniyati tezlashadi. Bir so‘z bilan aytganda, ma’lumotlar markazi shifokor va bemor uchun qulaylik yaratishga qaratilgan. 
“Aqlli tibbiyot” tizimi shifokorga zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida bemor bilan aloqa o‘rnatish va masofadan turib davolash imkonini beradi. Bemor tanasiga o‘rnatilgan maxsus datchik va chiplar orqali shifokor qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, patsiyent salomatligi haqidagi muhim ma’lumotlardan xabardor bo‘lishini ta’minlaydi. Misol uchun, hayotiy ko‘rsatkichlar — tana harorati, qondagi qand miqdori, arterial qon bosimi haqidagi axborot shifokorga kelib turadi. Bu surunkali va yashirin kechuvchi kasalliklar profilaktikasida, ularni aniqlash, bemorning salomatligi holatini monitoring qilish va davo choralarini tayinlashda muhimdir.

Hozirda “Aqlli tibbiyot”ning ilk xizmat turlari mamlakatimizda joriy etila boshlandi. Xususan, “elektron navbat”, “bemorning elektron kartochkasi”, “elektron ro‘yxatga olish”, “elektron retsept” tizimi va “elektron dorixona”, “elektron order” kabi xizmat va servislar yaratilmoqda. Telemeditsina, mobil meditsina (mobil xizmatlar, m-Health), elektron ta’lim rivojlantirish jadal olib borilmoqda, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida. 

Ushbu tizimlar yirik loyiha bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda Moliya, Innovatsion rivojlanish, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish va Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamkorlikda ish olib bormoqda. 
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?