Sogʻliqni saqlash vaziri global muammo yechimini aytdi

17:24 23 Mart 2019 Jamiyat
414 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri “Salomatlik sari qadam kuni” deya nomlandi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Aholining sogʻlom turmush tarziga amal qilishini qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan mazkur tadbir yurtimizdagi barcha tuman va shaharlardagi istirohat bogʻlarida oʻtkazildi. Musobaqalarda hududda joylashgan barcha tibbiyot muassasasi, mahalla fuqarolar yigʻinlari, korxona va tashkilotlardan kelgan jamoalar ishtirok etishdi. Ushbu kunning bayramona kayfiyatda oʻtishida tibbiyot sohasining koʻzga koʻringan, tajribali shifokor olimlari bilan birgalikda tegishli hokimliklarning madaniyat boʻlimlari, sanʼat saroylari vakillari, oʻsha hududda yashovchi fan, madaniyat, sanʼat arboblari, sport namoyondalari, xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega fuqarolar ham munosib hissa qoʻshishdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Jumladan, poytaxtimizdagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobogʻda jam boʻlgan Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi. Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, toʻsiqlardan oʻtish estafetasi hamda halqa aylantirish sport turlari boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, boʻgʻimlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik hamda qobiliyat ortadi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qoʻllar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma aʼzolari va tizimlari ishi ragʻbatlantiriladi.

— Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha statsionar shifoxonalarga ham sigʻmay qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning oʻzi uchun ham jiddiy tashvishdir, — deydi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Shu bois sogʻlom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim boʻladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni davolashga emas, avvalo, uning profilaktikasiga eʼtibor qaratishni muhim vazifa sifatida qoʻyayotganining boisi ham shunda. Shuning uchun vazirligimiz mazkur yoʻnalishdagi targʻibot ishlariga alohida eʼtibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam oʻtkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka boʻlgan qiziqishini oshirib, oʻz salomatligiga eʼtiborli boʻlishida muhim oʻrin tutyapti.

Bugungi tadbirni ham bejiz yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini meʼyorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomgʻirli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, oʻzingizni baxtli his etasiz, tushkunlikni yengasiz.

Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi boʻyicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan “Salomatlik maydonchalari” tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi asoslari”, “Sogʻlom ovqatlanish tamoyillari”, “Jismoniy faollikning inson organizmiga taʼsiri” mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sogʻlom turmush tarziga boʻlgan qiziqishini oshirdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan uyushtirilgan ushbu ommaviy tadbir yurtimiz boʻylab koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, kelgusi shanba, 30 mart kuni vazirlik tomonidan mamlakatimiz hududlarida Velosipedda sayr kuni boʻlib oʻtadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?