Sogʻliqni saqlash vaziri: “Donorlikda tibbiyot xodimlari ham faol va tashabbuskor boʻlishi lozim”

14:34 14 Iyun 2019 Jamiyat
294 0

Illyustrativ foto

Har kuni dunyo boʻyicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy koʻrinishi boʻlib, ushbu begʻaraz, koʻngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy koʻmakdir.

Joriy yilning 14-iyun kuni Respublika qon quyish markazida “14-iyun — Butunjahon donorlar kuni” munosabati bilan “Hamma uchun xavfsiz qon” shiori ostida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ishtirok etib, begʻaraz donorlikning mazmun-mohiyati haqidagi soʻzladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

— Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, oʻz sogʻligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida maʼlumotga ega boʻlib borishiga xizmat qiladi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Hozirda dunyoning 70 ta davlatida qon zaxirasi koʻngilli donorlik hisobiga yigʻiladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan qon tarkibiy qismlari va preparatlariga boʻlgan ehtiyojni qoplash uchun har 1000 aholiga nisbatan 40-60 tadan qon topshirish kerak boʻladi. Bizning yurtimizda esa har 1000 kishiga qon topshirishlar soni 4,8 tani tashkil etmoqda. Ushbu koʻrsatkichni yanada oshirishda, avvalo, biz tibbiyot xodimlari faol va tashabbuskor boʻlishimiz, donorlikning ahamiyatini aholini muntazam tushuntirib borishimiz lozim boʻladi.

Koʻngilli donorlik targʻiboti birgina Respublika qon quyish markazi yoki uning sayyor guruhlari vazifasi emas. Qon va qon mahsulotlari zaxirasi nechogʻli muhimligi, qay hollarda qon quyishga murojaat qilinishi, zaxira boʻshab qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi batafsil tushuntirilib borilsa, ishonamizki, koʻngilli donorlikka munosabat oʻzgaradi.

Tadbir doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari ham shu yerda donor sifatida qon topshirishni boshlab berdi va nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholini ham donorlikda faol boʻlishga chorladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, donorlikning maʼlum talablari bor, bular: qon topshirishdan bir kun oldin donor yetarlicha dam olishi, tiniqib uxlashi kerak. Kechki ovqatga yogʻli taom isteʼmol qilinmasligi tavsiya etiladi (qon tahliliga taʼsiri bor). Ertalab yengil nonushta qilishi kerak. Qon topshirishga kelgan donor, albatta, tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Qondagi gemoglobin miqdori aniqlanadi.

Yana bir eʼtiborli jihati, oʻz qonini kamida 40-marta, qon komponentlarini 60 marotaba topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shunday bagʻrikeng va saxiy insonlar uchun “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni hamda eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Qon xizmatlarida olinadigan qon miqdori organizmdagi umumiy qon miqdorining 10 foizini tashkil qiladi, yaʼni 350-400 millilitr. Organizm yoʻqotgan suyuqlik oʻrnini 36 soat ichida tiklab oladi.

Butunjahon donorlar kuni arafasida, barcha hududlarda koʻp yillar begʻaraz qon topshirib kelayotgan donorlar va donorlik harakatida ishtirok etuvchi insonlarni ragʻbatlantirishga bagʻishlangan tantanalar mamlakatimiz boʻylab keng miqyosda oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?