Sogʻliqni saqlash vaziri Bosh prokurorga murojaat qildi

10:51 18 Mart 2019 Jamiyat
868 0

Bugun bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan xalqqa tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha oʻz vazifasini oʻtayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan gʻayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi, ularga tan jarohatlari yetkazilishi eng ogʻriqli masalalardan biriga aylanib bormoqda.

— Kun.uz saytida eʼlon qilingan “Qoʻshrabotda “tez yordam” shifokori va haydovchisini mast “bemor” va uning yaqini kaltakladi” maqolasi bu illatning jamiyatimizda qanchalik ildiz otib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi. Bunday noxush holatlarni bartaraf etish uchun barcha kuch-imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz va tibbiyot xodimiga nisbatan bu kabi munosabatni butunlay oʻzgartirishimiz zarur, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Shu sababdan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov nomiga xat yuborilib, unda joriy yilning 7 mart kuni sodir etilgan ushbu noxush holat boʻyicha tegishli idoralar tomonidan ayni paytga qadar qonuniy toʻxtamga kelinmaganligi koʻrsatilib, vaziyat nazoratga olinishida amaliy yordam soʻraldi.

Sogʻliqni saqlash vazirligidagi maʼlumotlarga koʻra, 2017-2018 yillar davomida 300 ga yaqin holatda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bogʻliq qonunbuzarliklar sodir etilgan.

Birgina misol, oʻtgan yili Oltiariq tumanida fuqaro M.M. tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun oʻz vaqtida (10 daqiqada) yetib kelgan shifokor Sh.S.ga oʻrtacha ogʻir darajadagi tan jarohati yetkazgan. Vaholanki, ayni holatda shifokor yetib borgan paytda bemor allaqachon vafot etgan boʻlgan. Lekin 
mazkur holatda shifokorning sogʻligʻiga tiklab boʻlmas zarar yetkazgan qonunbuzar amalda hech qanday jazo oʻtamasdan qolib ketdi, yaʼni sud tomonidan u shartli hukm qilindi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning koʻpayib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatni oldini olishning eng samarali yoʻllaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qatʼiy javobgarlikni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi.

Shu sababdan joriy yilning 29 yanvarida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻz xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan gʻayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishi kabi qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Shuningdek, joriy yil 5 fevraldagi 19-01/19-sonli xat bilan tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborildi.

— Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibiga muvofiq, manfaatdor organlar Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan 7 kunlik muddatda mazkur qonun loyihasini koʻrib chiqishi va uzil-kesil kelishishi (imzolashi) shart edi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Yuridik boʻlimi boshligʻi Ruslan Muhammadiyev. — Lekin ayrim huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu masalada qonunchilikda muammo yoʻqligini aytib, bugungi kunga qadar loyihaga viza qoʻyib berish tartibini asossiz ravishda buzib kelmoqda. Shuning uchun 2019 yil 14 mart kuni ushbu idoralarga 19-01/39-sonli qayta xat yuborilib, unda Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga amal qilgan holda loyihani uzil-kesil kelishishi (imzolash) masalasini hal etish soʻraldi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, ularni har qanday noqonuniy xatti-harakatlardan asrash boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida bundan buyon ham tegishli choralarni qatʼiy koʻrib boradi. Jumladan, yuqorida qayd etilgan, “Qoʻshrabotda “tez yordam” shifokori va haydovchisini mast “bemor” va uning yaqini kaltakladi” maqolasidagi holat ham vazirlik diqqat markazida boʻlib, huquq-tartibot organlaridan ushbu vaziyat yuzasidan tegishli choralar koʻrishini soʻrab qolamiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?