Sog‘liqni saqlash tizimida yana bir yangi tayinlov

17:07 07 Avgust 2018 Jamiyat
966 0
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimida Dinara Makkambayevna Xashirbayeva ish boshladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati “Xalq so‘zi”ga ma’lum qildi.

Unga, birinchi navbatda, mazkur institutni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, moddiy texnika bazasini mustahkamlash, kasb kasalliklarini oldini olish va erta aniqlash, uni diagnostikasi va davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqib, zamonaviy usullarni amaliyotga tatbiq etish, shu orqali sohada salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, u innovatsion ishlanma va texnologiyalardan foydalangan holda institutning ilmiy salohiyatini oshirish, mamlakatimizda profpatolog mutaxassislarni tayyorlash, ularning ishini bugungi kun talabidan kelib chiqib to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, aholi salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida sanitariya qoida va me’yorlarni ishlab chiqish kabi muhim yo‘nalishlarga ham mas’ul etib belgilandi.

D.Xashirbayeva bunga qadar Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?