Sogʻliqni saqlash sohasida qanday oʻzgarishlar yuz berdi?

09:50 31 Avgust 2019 Jamiyat
85 0

Mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami arafasida ortga nazar tashlar ekanmiz, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini taʼminlash, Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilganiga va oshirilayotganini guvoh boʻlamiz.

Tibbiy xizmatga baho berish mezonlari oʻzgardi

Ushbu jarayon sogʻliqni saqlash sohasida ham jadallik bilan kechayotir. Tibbiyoti rivojlangan davlatlardagi kabi eng ilgʻor innovatsion taraqqiyotga erishish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Ayniqsa, soʻnggi uch yilda tibbiy xizmatni yanada yuksaltirishga daxldor xayrli tashabbuslar sogʻliqni saqlash istiqbolini belgilab berdi. Davlatimiz rahbari tizimda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan dolrzarb masalalar, tibbiyot muassasalari faoliyatiga oid toʻplanib qolgan muammolarni bartaraf etish vazifasini qatʼiy qoʻydilar.

 

Shundan kelib chiqqan holda, bugungi kunga kelib tibbiy xizmat samaradorligi va sifatiga baho berishda mezonlar butunlay oʻzgardi. Endilikda sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning natijasi tahlil qilinganda, statistik maʼlumotlar emas, xalqimiz faoliyatimizga qanday baho berayotgani, aholi davlat tomonidan yaratilgan zamonaviy tibbiy xizmatlardan nechogʻlik bahramand boʻlayotganiga asosiy urgʻu berilmoqda. Tabiiyki, bu tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidan tortib yuqori tuzilmalargacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy eʼtiborni inson omiliga yoʻnaltirish, tibbiy xizmatning sifati va samaradorligini oshirishga zamin yaratmoqda.

Aholi talab va ehtiyojiga mos birlamchi boʻgʻin

Islohotlar jarayonida tibbiyotning birlamchi boʻgʻiniga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sababi, bugungi kunda qishloq vrachlik punkti, qishloq oilaviy poliklinikasi hamda shahar oilaviy poliklinikasi deb ataluvchi tibbiyot muassasalari aholiga yaqin joylashgani uchun kimdir shifo istab, kimdir tibbiy maslahat olish ilinjida ushbu muassasalarga tez-tez murojaat qiladi. Bunda odamlarning talab va ehtiyojiga mos tibbiy xizmat koʻrsatilsa, tabiiyki, xalqimizda tibbiy xizmatga nisbatan ishonch va qoniqish hissi yuqori boʻladi. Ana shu jihatlar eʼtiborga olinib, ilgari samarasiz ishlagan bir qator qishloq vrachlik punktlari oʻrnida 800 ga yaqin qishloq oilaviy poliklinikalari tashkil etildi.

 

Qishloq vrachlik punktlaridan farqli ravishda qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokori bilan bir qatorda, beshta tor mutatassis – ginekolog, pediatr, xirurg, stomatolog, ultratovush tahlil apparatida ishlaydigan shifokor faoliyati taʼminlandi. Shahar oilaviy poliklinikalarida esa oʻnta yoʻnalishda tor mutaxassislar aholiga xizmat koʻrsatayapti. Yana bir muhim soha – oilalarga borib aholi orasida tibbiy madaniyat tarqatuvchi patronaj hamshiralar faoliyati takomillashayapti.

Soha taraqqiyoti uchun 12,1 trillion soʻm

Shu oʻrinda sohaning huquqiy asoslari mustahkamlanayotganini eʼtirof etish joiz. Xususan, keyingi ikki-uch yil ichida bu yoʻnalishda 140 dan ziyod meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularda belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi natijasida aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashmoqda. Bunday keng qamrovli chora-tadbirlar tufayli aholining oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi uzaymoqda. Onalar, bolalar oʻlimining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda sezilarli natijalarga erishilmoqda.

 

Eʼtiborli jihati, davlat byudjetidan sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirishga ajratilayotgan mablagʻlar ham yildan-yilga koʻpaymoqda. Joriy yilda sohaga 12,1 trillion soʻm yoʻnaltirildi, bu oʻtgan yildagiga qaraganda 1,3 barobar koʻpdir. Davlat tibbiyot tashkilotlarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yaxshilanayapti. Joriy yilda 231 ta tibbiyot obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari jadal olib borilmoqda. Buning uchun davlat byudjetidan 972 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda “Salomatlik – 3” loyihasi doirasida ham qator investitsiya dasturlari amalga oshirildi.

Yangi konsepsiya – yangi davr

Qayd etish kerakka, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimiz tibbiyoti taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.Farmon bilan tasdiqlangan 2019 – 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida muhim vazifalar belgilandi.

 

Jumladan, sohada milliy qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv tizimi va hududlarda “klaster” modelini shakllantirish, moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investitsiyalarni keng jalb etish, farmatsevika tarmogʻi, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sogʻliqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar aks etgan konsepsiya ijrosini taʼminlash barchamizning zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Aslida ham jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etish uchun sohada boshqaruvni xalqaro andozalar talablari darajasiga olib chiqish bugungi kunning muhim talabidir.

Jumladan, tibbiyot muassasalarida “har bir davolangan holat uchun” toʻlash tizimini hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish choralari koʻrilayapti. Konsepsiyaga muvofiq, 2019-yil 1-apreldan ayrim tumanlardagi tibbiyot muassasalarida jahon tibbiyotidagi eng ilgʻor amaliyotlardan boʻlgan kishi boshiga moliyalashtirish boʻyicha tajriba-sinov ishlari boshlandi. Ushbu eksperiment chuqur tahlil etilib, ijobiy natijalar 2020-yil 1-apreldan boshlab boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, yurtimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimi 2021-yildan bosqichma-bosqich joriy etilishi koʻzda tutilgan boʻlib, bu borada ham izchil faoliyat olib borilmoqda.

Olti oyda 434 ta xususiy klinika

Xususiy tibbiyotni rivojlantirish ham bugungi tibbiy-ijtimoiy islohotlarning muhim yoʻnalishidir. Xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilib, bugungi kunda mamlakatimizda 5 mingdan ziyod xususiy klinikalar faoliyat yuritayapti. Joriy yilning oʻtgan olti oyida mamlakatimiz boʻyicha 434 ta yangi xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etildi. Shundan 18 ta loyiha chet el investitsiyasi ishtirokida amalga oshirildi.

 

Ayni paytda tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, investorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik tizimi joriy etilmoqda.

Eʼtiborli jihati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birgalikda ishlashi, investorlarning yurtimiz hududida, davlat sektorida faol ish yuritishi uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. Endilikda investorlar oʻzlariga qulay boʻlgan muhitda, oʻzlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega.

10 million 700 mingga yaqin murojaat

Aholi salomatligini asrashda muhim tuzilma – shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, faoliyat samaradorligi va tezkorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar takomillashib borayotir. Bunda Prezidentimizning 2018-yil 16-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Soʻnggi ikki yil ichida tez tibbiy yordam xizmatining maxsus sanitar avtotransport parki qariyb 1500 ta yangi avtomashinalarni harid qilish evaziga batamom yangilanib, ularning umumiy soni 2400 ga yetkazildi. Natijada, tizimning maxsus avtotransportga boʻlgan talabi mamlakatimiz tarixida birinchi marta toʻliq qoplandi. Tez tibbiy yordam mashinalarining 10 foizini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, xorijda ishlab chiqarilgan reanimobillar tashkil etmoqda. Natijada tez tibbiy yordam xizmati xalqaro mezonlar darajasiga koʻtarildi.

Birgina joriy yilning 9 oyida shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga jami 10 million 700 mingga yaqin bemor murojaat qilgan, shulardan qariyb 7 million 800 ming nafari 103 tez tibbiy xizmati boʻyicha, 2 900 mingga yaqin bemor esa statsionar muassasalarga murojaat etishgan. Ulardan 2 200 mingga yaqiniga ambulator va 700 mingdan ziyodiga esa statsionar yordam koʻrsatilgan.

Bundan tashqari, aholi chaqiruvlarini avtomatik belgilash kabi muhim vazifalarni bajarish maqsadida tez tibbiy yordam boshqarmasining avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, Sall-markazlarni xalqaro talablarga koʻra toʻliq jihozlash, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar va shifoxonagacha boʻlgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish bilan bogʻliq muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.

Murakkab operatsiyalar oʻzimizda amalga oshirilmoqda

Yurtimizda tibbiyotning jadallik bilan rivojlanayotganini shu vaktgacha jazm etilmagan oʻta murakkab va noyob operatsiyalar oʻzimizda muvaffakkiyatli amalga oshirila boshlanida ham koʻirsh mumkin. Bu borada soʻnggi yillarda muhim loyihalar amalga oshirilayapti. Xorijdagi tibbiy klinikalar bilan hamkorlikda qator xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, davlat tibbiyot muassasalari faoliyati ham zamon talabidan kelib chiqib takomillashayapti.

 

Hozirda mamlakatimizda xirurgiya, kardiologiya, koʻz mikroxirurgiyasi, urologiya, endokrinologiya, onkologiya, nevrologiya, allergologiya kabi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni 16 taga yetdi. Shuningdek, tumanlarda 306 ta ixtisoslashgan boʻlimlar, viloyat markazlarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 10 ta filiali tashkil qilindi.

Quvonarlisi, joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan hududlarda 53,8 mingdan ortiq aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, 1358 ta operativ muolajalar bajarildi, shulardan 775 tasi yuqori texnologiyali operatsiyalardir. Natijada yuqori texnologiyali operatsiyalar ulushi 57 foizga yetdi. Yangi diagnostik usullar soni 144 tani va yangi davolash usullari 208 tani tashkil qildi.

Shu oʻrinda ayrim misollarga toʻxtalib oʻtsak. Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak koʻchirib oʻtkazish boʻyicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda. Shuningdek, Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining ilgʻor yoʻnalishi — oʻzak hujayra transplantatsiyasini oʻzlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻydi. Oʻtgan yil Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi yuqori natija bilan oʻtkazildi.

Darhaqiqat, zamonaviy tibbiyotni yuqori texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shunga koʻra, transplantologiya rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda va bu kelgusida ham davom etadi. Kelgusida mamlakatdamizda molekulyar va nuklear tibbiyot, robot yordamidagi operatsiyalar uchun uskunalar va davolashning boshqa yuqori texnologiyali jarrohlik usullarini joriy qilish ham koʻzlanmoqda.

***

Sogʻliqni saqlash rivoji yoʻlidagi ulkan maqsadlarni oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish tibbiyot sohasida mehnat qilayotgan 70 ming nafardan ziyod shifokorlar va koʻp ming sonli oʻrta tibbiyot xodimlarining sharafli burchidir. Shu bois, xodimlarning samarali faoliyat yuritishi uchun munosib sharoit yaratish va mehnatga yarasha haq toʻlash choralari koʻrilayapti.

Bizga esa ushbu eʼtiborga monand halol mehnat qilish, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan zamonaviy tibbiy xizmatdan aholining barcha qatlamini bahramand etish va xalqimizni rozi qilish vazifasi yuklanmoqda. Ishonamizki, bunday masʼuliyatli vazifani uddalash uchun tibbiyotimizning ilmiy va amaliy salohiyati yetarli. Barchamiz bahamjihat boʻlib, imkoniyatlarni toʻliq ishga solib mehnat qilsak, “salomatlik posboni”, degan ulugʻ nomga munosib boʻlishga, xalqimizning ishonchi va mehrini qozonishga albatta erishamiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?