Sodiq Safoyev qirgʻizistonlik hamkasbi bilan videomuloqot qildi

21:37 04 Iyun 2020 Siyosat
318 0

2020-yil 4-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston parlamentlararo hamkorlik komissiyasi hamraisi S.Safoyevning Qirgʻiziston Jokorku Keneshi Toragʻasi oʻrinbosari (spikeri), ushbu Parlamentlararo komissiya hamraisi M.Bakirov bilan videomuloqot tarzida suhbati boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Doʻstona ruhda oʻtgan suhbatda ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish haqida fikr almashildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan siyosat va Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning shaxsiy saʼy-harakatlari natijasida ikki tomonlama hamkorlik sifat nuqtayi nazardan yangi pogʻonaga koʻtarilganligi qayd etildi. Erishilgan hamkorlikning yangi darajasi, ayniqsa, pandemiya sharoitida oʻzaro koʻrsatilgan yordam tufayli yaqqol namoyon boʻlganligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, ikki davlat chegarasida yuz bergan soʻnggi voqealar jiddiy xavotir uygʻotayotgani toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Bu vaziyatda parlament aʼzolari chetda turmasligi lozimligi qayd etildi. Ular hukumat va hokimiyatning mahalliy vakillik organlari bilan birgalikda bu borada har tomonlama koʻmaklashish, chegaradosh tumanlarda barqaror holatni mustahkamlash yuzasidan faol ish olib borishi lozim.

Shu munosabat bilan tez orada Parlamentlararo hamkorlik komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish taklif etildi.

Oʻz navbatida, Qirgʻiziston parlamenti spikeri oʻrinbosari, Parlamentlararo hamkorlik komissiyasi hamraisi M.Bakirov ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi jihatlarini yuksak baholashi va qadrlashini taʼkidladi. “Yangi ahamiyat kasb etgan hamkorligimizni koʻz qorachigʻimizdek asrashimiz kerak”, dedi u.

Bundan tashqari, M.Bakirov roʻy bergan voqea xususida parlament diplomatiyasi va mahalliy hokimiyat vakillik organlari resursidan foydalanish muhimligini qoʻllab-quvvatladi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston parlamentlararo muloqot ikki mamlakat xalqlari oʻrtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Suhbat yakunida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muntazam muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?