Sodiq Safoyev: “Germaniyaga tashrif davomida hech qachon kuzatilmagan hodisa roʻy berdi”

12:37 24 Yanvar 2019 Siyosat
872 0

Arxiv foto

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev “Xalq soʻzi“ga bergan intervyusi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, uning ahamiyati tashrifning oʻziga xos jihatlari haqida toʻxtalib oʻtdi.

“Prezidentimiz tashrifi arafasida butun Germaniyani Oʻzbekiston haftaligi shukuhi qamrab oldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, oʻndan ziyod yirik siyosiy, iqtisodiy, madaniy tadbirlar uyushtirildi. Ularda bir yarim mingdan ortiq germaniyalik hamkorlarimiz ishtirok etdi. Biz shunga guvoh boʻldikki, bugungi Oʻzbekistonga hurmat, qiziqish va intilish nihoyatda katta.

Hech qachon kuzatilmagan hodisa roʻy berdi. Gap shundaki, Oʻzbekiston — Germaniya biznes forumi chogʻida barcha kelgan mehmonlarga joy topa olmay qoldik. Qoʻshimcha stullarni qoʻyishga toʻgʻri keldi. Bu, albatta, qiziqish kattaligidan darak. Biznes forumi natijasida sakkiz milliard yevro miqdorida iqtisodiy kelishuvlarga erishildi. Bu ham tashrifning nihoyatda samaradorligini koʻrsatadi. Germaniyaning yetakchi iqtisodiy tashkilotlaridan biri — Iqtisodiyotning sharqiy qoʻmitasi rahbariyati taʼkidlaganidek, ikki tomonlama munosabatlar hech qachon bugungi kun kabidek boʻlmagan. Bunga asosiy sabab Oʻzbekistonning yangilangan ichki va tashqi siyosatidir.

Germaniyaning islohotlarni amalga oshirishda tajribasi katta. Tarixga nazar solsak, bu mamlakatning oʻz vaqtida tarkibiy birlashish jarayoni juda mushkul oʻtgan. Shu sabab boshqa davlatlardan ­farqli oʻlaroq, Germaniya siyosatchilari siyosiy, iqtisodiy oʻzgarishlarning qanchalik mushkulli­gini, insonlarning bozor iqtisodiyotiga oʻtayotgandagi mentaliteti bilan bogʻliq muammolarni chuqur tushunadi. Muzokaralar davomida ular qayta-qayta Oʻzbekistondagi islohotlar qanchalik barqaror, ­orqaga qaytmaydigan tus olganligiga qiziqib, bu boʻyicha oʻz tajribasini almashishga tayyorligini bildirdi. Jumladan, davlatimiz rahbarining Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan suhbati ­chogʻida shu jarayonlar chuqur tahlil etildi“, deya gapirib oʻtdi Safoyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?