Sodiq Safoyev nima uchun Germaniya Oʻzbekistonga eʼtibor qaratayotganini izohlab berdi

11:56 24 Yanvar 2019 Siyosat
634 0

Arxiv foto

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev “Xalq soʻzi“ga bergan intervyusi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, uning ahamiyati xususida gapirib oʻtdi.

“Savol tugʻilishi tabiiy: “Nima uchun Germaniya bizga shunday eʼtibor koʻrsatyapti?” yoki “Ularning manfaatlari nimadan iborat?” ­degan. Buni shunday izohlash mumkinki, Germaniya rahbariyati, barcha siyosatchilari mintaqa uchun oʻz masʼuliyatini sezgan holda, aniq biladi, Markaziy Osiyo, bu — nihoyatda muhim mintaqa. Aynan Oʻzbekiston yuritayotgan siyosat natijasida mintaqada nihoyatda ulkan oʻzgarishlar kuzatilyapti.

Oʻz navbatida, ushbu jarayonlar global muammolarni yechish uchun ham va bu yerdagi imkoniyatlardan foydalanishda ham yangi ufqlarni ochmoqda. Masalan, qanday muammolar bor? Bular xalqaro terrorizm, giyohvandlik biznesi, ekologik masalalardir. Ularning hammasini faqat birgalikda amalga oshirish mumkin.

Imkoniyatlar haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, Oʻzbekistonning Gʻarb bilan hamkorlikka intilishi juda katta. Chunki Yevropa texnologiyalari, peshqadam firmalar iqtisodiyot rivoji uchun alohida oʻringa ega. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo Germaniya singari boshqa Yevropa davlatlari uchun ham muhim mintaqadir. Bu katta va tobora ortib borayotgan isteʼmol bozori sifatida koʻriladi.

Qolaversa, Markaziy Osiyoning geoiqtisodiy joylashuvi butun Yevrosiyo bilan hamkorlikning muhim nuqtasi sanaladi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyodagi barqarorlik izdan chiqmasligi, keng iqtisodiy hamkorlikni yaratishni barcha rivojlangan davlatlar yaxshi anglaydi va shunday siyosatni ilgari surishga harakat qiladi“, deya gapirib oʻtdi Safoyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?