Sodiq Safoyev AQSHda ikkita yirik institut vakillari bilan uchrashdi

12:27 28 Oktyabr 2019 Jamiyat
288 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev Vashingtonda Milliy demokratiya instituti (NDI) va Xalqaro respublika instituti (IRI)da brifing oʻtkazdi. Bu haqda mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi xabar berdi.

Oʻzaro muloqotda har ikki institut vakillariga mamlakatimizda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Xususan, unda davlat boshqaruvini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, fuqarolarning siyosiy huquqlarini taʼminlash yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Saylov jarayoni, jumladan, saylovga oid qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, boʻlajak saylovlarda qonuniylik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar haqida ham alohida tushuncha berildi.

Tadbir davomida Milliy demokratiya institutining Yevroosiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori L.Juitt Oʻzbekistonda inson huquqlari, ijtimoiy ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda ochiqlik va shaffoflik muhitini taʼminlash sohasidagi oʻsish surʼatlarini yuqori baholadi.

“NDI Oʻzbekistonni oʻzaro hamkorlik uchun muhim davlatlardan biri deb biladi”, dedi u, jumladan. U 2003 — 2015-yillarda Oʻzbekiston bilan samarali aloqalar tajribasi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Ayni shu davrda Toshkentda mazkur institut ofisi faoliyat yuritgan edi.

U NDI Oʻzbekiston tomoni bilan muloqotni qayta tiklashdan manfaatdor ekanligini bildirdi. L.Juitning fikricha, Oliy Majlis salohiyatini mustahkamlash, Oʻzbekiston — AQSH parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, demokratik jamiyat institutlarini kuchaytirish oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridir.

U 2020-yil yanvar-fevral oylarida oʻzaro aloqalarning eng muhim sohalarini belgilab olish maqsadida institut rasmiylarini Oʻzbekistonga tashrif buyurishini tashkil etish birinchi va asosiy qoʻshma loyiha boʻladi, deb hisoblaydi.

Xalqaro respublika instituti prezidenti D.Tvining ham Oʻzbekistonda roʻyobga chiqarilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

IRI vakillari Oʻzbekistonda qonunchilik hokimiyati salohiyatini mustahkamlash, boʻlajak saylovlar shaffofligi va demokratik tamoyillarga mos oʻtishini taʼminlash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlarni ham eʼtirof etib oʻtishdi. Binobarin, AQSH tomoni mazkur saylovlarda YEXHT kuzatuvchilarining toʻliq missiyasi ishtirok etishini olqishladi.

D.Tvining IRI ham Oʻzbekistondagi boʻlajak saylovlarga 2-3 nafar vakilini xalqaro kuzatuvchi sifatida yuborishga qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi. Bunda, albatta, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning hozirgi darajasi va istiqbollari inobatga olinganini qoʻshimcha qildi. U Xalqaro respublika instituti hamkor mamlakatlar saylovlarida kuzatuv missiyalarini tashkil etish amaliyotiga ega ekanligini taʼkidladi.

IRI rahbari Litva Seymi va hukumat tuzilmalari, shuningdek, qonunchilik sohasida mezbon davlat tajribasini oʻrganish maqsadida Oliy Majlis delegatsiyasining 9-12-sentyabr kunlari Vilnyusga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston vakillari tashrif davomida Litva Seymi vitse-spikeri I.Shyauliyene, “Litva-Oʻzbekiston” Doʻstlik guruhi vakillari, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va ilm-fan, davlat boshqaruvi, huquq-tartibot qoʻmitalari aʼzolari, Litva parlamenti Tahlil boʻlimi xodimlari, tashqi ishlar, ijtimoiy taʼminot va mehnat, atrof-muhit vazirlari oʻrinbosarlari bilan uchrashishganini shu oʻrinda qayd etib oʻtish lozim.

IRI prezidenti parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish uchun Litva qonunchilik organi vakillarining 2020-yilda Oʻzbekistonga javob tashrifini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Maʼlumot uchun, Milliy demokratiya instituti 1983-yilda Kongress qarori bilan asos solingan nohukumat tashkilotidir. Oq uy, Kongress va AQSH Davlat departamentida ilgari yuqori lavozimlarda ishlagan shaxslar, jumladan, sobiq davlat kotibi Madlen Olbrayt ham mazkur muassasa Direktorlar kengashi tarkibidan joy olgan. NDI saylovlarni kuzatish uchun AQSH kongressi vakillarini jalb etgan holda monitoring missiyalarini tashkil qilib keladi.

Xalqaro respublika instituti 1983-yilda Kongressdagi demokratik koʻpchilik tomonidan yaratilgan. Arizona shtatidan saylangan senator Jon Makkeyn unga uzoq vaqt raislik qilgan. Ayni paytda Alyaska shtatidan senator Den Sallivan ushbu lavozimni egallab turibdi. Lindsi Grem, Tom Kotton, Joni Ernst, Mit Romni, Marko Rubio kabi nufuzli respublikachi senatorlar, AQSH prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha sobiq maslahatchisi Gerbert Makmaster mazkur institut Direktorlar kengashi aʼzolaridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?