Sodiq IMOMI: “Tojikiston yaqin qoʻshni sifatida doʻstlik rishtalari bilan bogʻlangan Oʻzbekiston muvaffaqiyatlaridan chin dildan quvonadi”

15:19 30 Avgust 2018 Siyosat
95 0

Sodiq IMOMI, Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Tojikistonda Oʻzbekiston ­Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar katta qiziqish bilan kuzatib bo­rilyapti. Tojikiston Prezidenti Emoma­li Rahmon Oʻzbekiston yetakchisiga shunday degan edi: “Siz tomoningizdan uzoqni koʻzlab olib borilayotgan siyosat hamda mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi juda muhim islohotlar bugunning oʻzidayoq ijobiy natijalar ber­yapti, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori muttasil yuksalib bormoqda. Tojikiston yaqin qoʻshni sifatida doʻstlik rishtalari bilan bogʻlangan Oʻzbekistonning ushbu muvaffaqiyatlaridan chin dildan quvonadi”. Oʻylashimcha, bu soʻzlarning oʻzi juda koʻp narsani anglatadi.

Faqat shuni aytishim mumkinki, Oʻzbekistonning dunyo sari ochiqlik siyosati investitsiyalar, turistlar oqimini jalb etish uchun noyob imkoniyat taqdim etadi. Bu esa iqtisodiy taraqqiyot va aholi turmush darajasini oshirishga kuchli turtki beradi. Oʻzbekiston tabiiy resurslar, tarixiy va meʼmoriy yodgorliklarga, eng muhimi, intellektual salohiyatga boy mamlakatdir. Bu bebaho kapitaldan ushbu zamin gullab-yashnashi yoʻlida toʻliq foydalanishga intilayotgan mamlakat rahbariyati har qancha eʼtirofga loyiq. Mintaqamiz yuragi boʻlmish bu oʻlkada turib, biz Oʻzbekiston xalqi oʻzgarishlarni qanday koʻtarinki ruhda kutib olgani va yangilanishlarda naqadar zoʻr shijoat bilan ishtirok etayotganiga bevosita guvohmiz.

Ulugʻ bayram — Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi arafasida qardosh Oʻzbekiston xalqini, uning rahbariyatini chin dildan muborakbod etib, mazkur koʻhna va navqiron, gullab-yashnayotgan yurtga tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot yoʻlida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?