Sobir Oʻnar: Bu omonat dunyoda kimningdir etagidan tutib “ustoz”, deya alqash ham fazilat boʻlib qoldi

17:13 12 Noyabr 2018 Madaniyat
392 0

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli yozuvchi Sobir Oʻnar bilan oʻzbek nasrining taraqqiyoti, buguni va kelajagi – yutuq va kamchiliklari haqida OʻzA muxbiri suhbatlashdi.

– Haqiqiy ijodkor uchun qanday imkoniyatlar yaratilishi kerak. Aslini olganda ijodkorga kamtaringina qalamni tebratib, olam maʼnoli badiiy asar yozish uchun sharoit kerakmi?

– Avvalo, sharoit haqida soʻz ketar ekan, ijodkor xoh shoir, xoh yozuvchi boʻlsin, biz tan olib aytishimiz kerak, ijodkorlarga hech bir zamonda bugungi kundagidek imkoniyat yaratilmagan. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz davrida tabiiy gazdan foydalanish texnikasi kashf etilmagan. Neft – yerdan chiqqan moy, “yer moyi” deb atalgan. U xalq xoʻjaligiga joriy etish uchun naq besh yuz yil kerak edi. Shundoq ekan, Hirot uylari(hujralari)ni sandallar vositasida ilitilgan. Siz bilan suhbatlashar jarayonimda yurtimizda qishning sovuq nafasi kelayotgani uchun koʻz oʻngimda oʻsha davrning qish manzaralari gavdalandi.

Kuni kecha oʻzimiz qishloqda yashab koʻrgan ahvol ham avval bunday emasdi. Bugun qishloq odami ham shaharlik ham zamonaviy “kamfort” hayotga oʻrgandi.

Talabalik paytlarimiz – sovuq kezlari uy kiyimimiz asosan chopon edi. Bugun choponlarning umumiy “tiraji” kitoblarnikidan ming chandon koʻp. Biroq ularni (ayrimlarni hisobga olmaganda) hech kim kiymaydi. Choponning asosiy vazifasi kiyim darajasidan chiqib xoʻja koʻrsin, sarpo vazifasini oʻtab qoldi.

Mayli endi, gap sharoit va imkoniyatlar haqida edi. Gap kelganda, tiling “qichiydi“-da. Hazrat Navoiy bizga zamondosh boʻlib va agar “propiskasi” Yunusobodda boʻlganida edi, vaqtida uyiga issiq suv oqimi (otopleniye) berilmagani uchun JEKga nolib borgan boʻlar edi va bu zamondoshlar orasida biz Navoiyni Navoiy qilib koʻtarmas edik hamda umrining bir qismi rasmiyatchiliklar ichra oʻtib ketar edi.

Aytmoqchi boʻlganim shuki, bugungi sharoit bilan u zamonning farqi yer bilan osmonchadir. Alqissa, keyingi yillarda ijodkorlarning yashash, dam olish, ishlash qulayliklari shu darajada boʻldiki, bu birovning tushiga ham kirgan emas. Muhtaram prezidentimiz garchi yozuvchilar uchun Doʻrmon ijod bogʻida yetarlicha taʼmirlangan, barcha qulayliklarga va sharoitlariga ega maskan yaratilgan boʻlsa-da, tagʻin Zomin va Parkent tumanlarida yana ijodkorlar uchun zamonaviy ijod uylarining qurib berilayotgani kabi sharoit qaysi doston va yana qaysi ertakda bor.

Endi bir shunday davrda yozish, yaxshi yozish uchun kimdan oʻpkalash kerak? Har kim oʻzidan oʻpkalasin. Yalqovligidan, isteʼdodining sustligidan nolisin.

Qandingni ur, ijod qil, oʻzingni koʻrsat! Boshqa gap yoʻq.

– Bugun oʻzbek ijodkorlarning erishayotgan yutuqlari, nasrda salmoqli asarlar yozayotgan ijodkorlarga toʻxtalsangiz. Bugun ham oʻz oʻrnida romanlar, qissalar, hikoyalar yozilmoqda. Biroq ommalashish darajasi sustroqdek, nazdimizda. Siz shu yoʻnalish vakili sifatida yozilayotgan asarlarning badiiy saviyasi haqida nimalar deya olasiz?

– Sirasini aytganda, oʻzbek adabiyoti hamma zamonda kabi hozir ham susayib qolgani yoʻq. Bugungi kun nasri haqida soʻz ketsa, toʻxtamasdan yigirmadan ortiq yaxshi yozuvchini sanay olaman. Sheʼriyat haqida gap ketganda, qirqdan ortiq shoirni bemalol sanab beraman. Shunda ham xotiram pand berib kamida yigirma-oʻttiz nafar shoir esdan chiqib qoladi. Faqat ular orasida “biz-chi, dashtda laylak qoʻrib yuribmizmi?” deguvchilardan choʻchiyman.

Axborot tarqatuvchi tarmoqlar koʻp. Shularning ichida yuzlab adabiyot targʻibotchilari bor. Ijtimoiy tarmoq orqali bugun “lop” etib shov-shuv koʻtargan adib ertaga qumga singgan suv kabi yoʻq boʻlib ketadi.

Abdulla Qodiriydan, yaʼni oʻtgan asrning yigirmanchi yillaridan mustaqillikka qadar yuzta roman yozilganmi-yoʻqmi, bilmayman, ammo qiziquvchi bir kishi sanab koʻrsin, yigirma besh-oʻttiz yil ichida oʻsha davrdan kamida uch barobar koʻproq roman yozildi. Ularning orasida “Oʻtgan kunlar”, “Sarob”, “Ulugʻbek xazinasi”, “Navoiy” darajasidagilari yoʻqdir balki, biroq targʻibot qilinib, chet tillarga tarjima qilinsa, munosiblari bor.

Navqiron avlod deya atalayotgan Isojon Sulton, Nazar Eshonqul, Luqmon Boʻrixon, Shoyim Boʻtayev, Ulugʻbek Hamdam, Zulfiya Qurolboy qizi, Salomat Vafo, Ismoil Shomurod, Nabi Jaloliddin, Abduqayum Yuldoshev, Qoʻchqor Norqobillar yaqin yillar ichida bir nechtadan roman yozishdi. Bularning hech biri boshqasidan kam emas. Lekin adabiy nashrlarda faqat ularning ayrimlari toʻgʻrisidagina soʻz boradi. Adabiyotdagi umumiy nutqlarimizdan faxrlanishimiz kerak. Uni sara namunalarini dunyo boʻylab targʻib etishdek katta siyosat yuritilayotgan bir davrda baʼzi adabiyotshunos olimlarimizning tarafkashlik, mahalliychilik oqimlaridan chiqolmayotganligi achinarlidir.

– Bugungi kun ijod olamiga orzu va umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlar haqida, ularga ustozlik qilish mashaqqati va rohatli tomonlari toʻgʻrisidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik (!)

– Yuqorida nomlari zikr etilgan adiblarimiz ellikni qoralab, bir ikki odim oshib ham ketishdi. Ammo ular yetmishni qoralagan Erkin Aʼzamdan keyin paydo boʻlgan avlod. Na uslubda, na hayotda bir-birini takrorlamaydi. Mumtoz adabiyot borasidagi ilmi haqida hech narsa deyolmayman, ammo jahon adabiyotining nodir namunalarini oʻqib kelishmoqda. Oʻzlarining asarlari mustaqil ravishda xorij tillariga tarjima qildirib, oʻzlari ham jahonga boʻy choʻzayotganlari bir talay. Biroq ularning ortidan ham bir dumalab katta boʻlib qolgan boshqa avlod ulgʻayib kelmoqda. Bular ancha murosasiz, bir qadar oʻjar, oʻzbilarmon avlod kattaroq qadam tashlab eng oldingi qatorga oʻtib ketgisi bor. Ularda ikki qusur mavjud. Birinchisi, aksariyati rus tilini bilishmaydi, ruschada nashr etilgan mumtoz asarlardan bexabar. Ikkinchi, til gʻalizligi bilan hech hisoblashmaydi. Imlo xatolar, jumla tuzishdagi kamchiliklarini tan olmaydi. Maktab koʻrmagan. Yozuvchi emish oʻzlaricha. Bu ahmoqona gap. Shularni koʻrib biz “yetmishvoy“lardan, bular esa “ellikvoy“lardan koʻra sabrsizroqmikan, deb qoʻrqib qolaman gohida.

“Yoshlik” jurnalida yigirma toʻqqiz yil, bundan bu yogʻi adabiy nashrlarda ishlab yurib amin boʻldim, nasr shunday gʻalati janrki, u ham sabr-toqatni, ham yonishni talab etadi. Sabr qilgan bilan yonmasa, yaxshi epik asar yaratishi mushkul. Nima boʻlganda ham, har bir yozuvchiman degani yoshlarga – kichikka malaka oʻrgatishi kerak. Albatta, yozuvchilikning maktabi yoʻq. Mundoq-bundoq qilgin, degan bilan oʻrganilib qolmaydi. Ammo yosh avlodni tanqid qilib turish, yozganlarini baholab turish, yozgan badiiy asari yuzasidan suhbatlashish, doʻstona taklif berish yaxshi albatta. Bu ham bir olijanoblikning bir koʻrinishi. Bu bilan ustozning isteʼdodi kamayib shogirdniki oʻsib ketmaydi. Yoshlar kelajagimiz. Ularga mehr-muruvvat koʻrsatsak, ertaga bir kun oldimizdan chiqadi.

Shu oʻrinda bugun oramizda boʻlmagan adiblarimiz esga tushadi. Odil Yoqubov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarning eʼtirofiga sazovor boʻlish oson emas edi. Eʼtirof etilganlari esa kam boʻlmasdi. Muhimi, ulardan mehr muruvvat, maslak, nasihat olganlar adabiyotda, hayotda oʻz oʻrinlarini topib olishdi. Hozirgi adabiyot maydonining aksariyati ularning shogirdlari yoki Halima Xudoyberdiyevani oling, oʻnlab shogirdlari bor. Opa sheʼriyat olamida oʻzining takrorlanmas maktabini yaratib ketdi. Bu maktabdan yuzlab yoshlar necha oʻn yillar davomida bahramand boʻlishlariga shubha qilmasak ham boʻladi. Bu chayqalib, tebranib, torayib borayotgan omonat dunyoda kimningdir etagidan tutib “ustoz”, deya alqash ham fazilat boʻlib qoldi. Oʻz navbatida ustozlar ham shogirdlariga mehrini ayamasligi kerak. Yoshlarga esa bundan ortiq dalda, bundan ortiq kuch quvvat boʻlmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?