Sobiq prokuror Rashidjon Qodirov qancha muddatga qamalgani maʼlum boʻldi

16:12 26 Iyun 2019 Jamiyat
2368 0

Bugun, 2019-yil 26-iyun kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shaxar sudi, Yunusobod tuman sudi binosida, Oʻzbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi boʻyicha ayblov hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sud hukmi bilan, 2000-2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat koʻrsatib kelgan R. Qodirov (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Qariyb olti oy davom etgan, Oʻzbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda oʻtkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning koʻrsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning koʻrsatuvlari tinglanib, ish boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida toʻplangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun R. Kadirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qoʻshimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq boʻlgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, sud ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar uchun sudlangan R. Kadirov, M. Mirzayev, A. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, U. Xurramov, Yu. Gaipovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.

Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi.

Shuningdek, sud tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.

Sud hukmi eʼlon qilingach raislik etuvchi sud protsessi ishtirokchilariga hukmning mazmun-mohiyatini batafsil izohlab berib, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?