Sobiq “Bunyodkor” stadioni buziladimi?

15:47 12 Iyun 2018 Sport
682 0

Futbol bo‘yicha jahon chempionati starti oldidan Rossiya poytaxti Moskva shahrida Osiyo futbol Konfederatsiyasining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda FIFA prezidenti Janni Infantino ham ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yilgi mundialda qit’amiz sharafini beshta terma jamoa – Eron, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Avstraliya termalari himoya qilishadi. Yig‘ilishda Infantino, qolaversa, Osiyo futbol Konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa jahon chempionatida ishtirok etuvchi Osiyo terma jamoalari va hakamlarga omad tiladi.

“Osiyoda futbol jadallik bilan rivojlanib boryapti, - dedi, jumladan, FIFA rahbari. -Umid qilamanki, bu yilgi musobaqada Osiyo terma jamoalari ham o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishadi. Qolaversa, ayni paytda Osiyoda hakamlik sohasi ham ancha rivojlangan. So‘nggi yillarda ushbu qit’adan bir qator kuchli referilar yetishib chiqdi. Jahon chempionatining final bosqichida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi ham bugungi kunda aynan osiyolik hakam Ravshan Ermatov bo‘lib turgani ham fikrimga isbot bo‘la oladi”.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida Osiyoning besh karra eng yaxshi hakami, hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshchiligidagi brigada ham ishtirok etadi. Shuningdek, o‘zbek futboli tarixida ilk marotaba Alim Arifov jahon chempionatida komissar vazifasini bajaradi.

Yig‘ilishdan so‘ng MOQ Prezidenti va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Janni Infantino bilan uchrashdi. MOQ rahbari mamlakatimizda sport sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida FIFA rahbariga so‘zlab berdi. O‘z navbatida, jahondagi eng qudratli sport tashkilotlaridan birining rahbari Infantino ham o‘zbek sportida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi va yaqin orada shaxsan o‘zi Toshkentga tashrif buyurishini va o‘zgarishlarni bevosita kuzatishini ta’kidlab o‘tdi.

Rejaga ko‘ra, shu yilning o‘zida “Milliy” stadion (sobiq “Bunyodkor”) hududida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi uchun yangi bino qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Binoga birinchi g‘ishtni aynan FIFA prezidenti Janni Infantino qo‘yib berishi kutilmoqda. Demak, shu yil yakuniga qadar FIFA rahbari Toshkentga tashrif buyuradi.

Ma’lumot uchun, jahon chempionati 14 iyun kuni Moskvadagi “Lujniki” stadionida boshlanadi. Rossiya hamda Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan ochilish uchrashuvini MOQ Prezidenti va O‘FA birinchi-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov ham bevosita stadiondan kuzatib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?