Sobiq Bosh prokurorga nisbatan hech qanday qiynoq qoʻllanilmagani maʼlum qilindi

02:30 11 Aprel 2019 Jamiyat
516 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi eʼlon qilgan axborotda qayd etilishicha, 2019 yil 8 aprel kuni internet tarmogʻida Amnesty International tashkilotining sobiq bosh prokuror R. Qodirovga nisbatan jismoniy zoʻravonlik ishlatilgani, qoʻpol munosabatda boʻlingani, shuningdek, boshqa sudlanuvchilarga nisbatan hanuzgacha qiynoqlar xavfi saqlanib qolinayotganligi toʻgʻrisida murojaati eʼlon qilingan. Bosh prokuratura axborotida bu xabarning notoʻgʻri ekani bildirilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

Bosh prokuratura tomonidan R. Qodirov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari boʻyicha 22.02.2018 yilda qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilgan.

25.02.2018 yil R. Qodirov tovlamachilik, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tergovning boshidanoq R. Qodirovga himoyalanish huquqi berilgan, advokatning barcha tergov harakatlarida ishtiroki, shuningdek, u bilan hech qanday cheklovlarsiz xoli uchrashish imkoniyati taʼminlangan.

R. Qodirov va boshqa ishtirokchilarning yoshini hisobga olgan holda, dastlabki tergov davomida ularning sogʻligʻi Ichki ishlar vazirligi tibbiyot muassasalarining doimiy nazorati ostida boʻldi. Ishni sudda koʻrib chiqish jarayonida ham doimiy tibbiy yordam koʻrsatilmoqda va barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan alohida maxsus transport vositasi ajratilgan.

Tergov davomida sud-tibbiy ekspertiza oʻtkazilgan, uning xulosasiga koʻra, R. Qodirovning sogʻligʻining holati qamoqda saqlashga toʻsqinlik qilmasligi maʼlum boʻlgan va unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.

Taʼkidlash joizki, Moskva shahrining “Щyeglov i partnyorы” advokatlik byurosi bilan tuzilgan huquqiy yordam koʻrsatish shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi advokat A. Madyarov 18.07.2018 yilda R.Qodirovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida advokat sifatida ishtirok etishini taʼminlashga oid choralar koʻrish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilgan.

Tergov organlari zudlik bilan bu haqida R. Qodirovni xabardor qilish choralarini koʻrgan, R. Qodirov A. Madyarov huzurida oʻz tashabbusiga koʻra uning xizmatlaridan voz kechib, unga nisbatan hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosim oʻtkazilmayotganligi, u ixtiyoriy ravishda koʻrsatmalar berayotgani haqida maʼlum qilgan. Shuningdek, R. Qodirov ayni paytda uning huquqlarini boshqa advokat himoya qilayotgani va qoʻshimcha advokat jalb qilinishiga ehtiyoji yoʻqligini bildirgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda A. Madyarovning talabiga binoan R. Qodirov unga oʻz tanasini koʻrsatgan, shundan soʻng A. Madyarov tan jarohatlari yoʻqligiga ishonch hosil qilgan. Shu bilan birga, R. Qodirov A. Madyarovdan oʻgʻli A. Qodirov bilan bogʻlanishni va yetkazilgan zararni qoplash haqidagi iltimosini oʻgʻliga yetkazishini soʻragan.

Tergov davomida R. Qodirov oʻz aybini faqat qisman tan olgan, bu esa unga ayblov boʻyicha oʻz fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va uning bunday mazmundagi koʻrsatmalarini olishda unga nisbatan qandaydir bosim oʻtkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir.

Bundan tashqari, 17.01.2019 yilgi sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning savoliga R. Qodirov tergov davomida oʻz koʻrsatmalarini ixtiyoriy ravishda berganligini maʼlum qildi va bu sud majlisi bayonnomasida qayd etildi.

Bugungi kunda R. Qodirovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi sud tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

Bosh prokuratura jinoyat ishlariga jalb etilgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilishini kafolatlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?