So‘zda emas, amalda qalban o‘zgarish pallasi keldi

14:59 27 Iyul 2018 Madaniyat
226 0
Illyustrativ foto

Shu kunlarda bizning diniy, ma’naviy va milliy ruhiyatimizga yot hodisalar o‘zgacha tusda, yangicha urflarda namoyon bo‘layotganini kuzatish qiyin emas. To‘ylar, qariyalar uyida yoki yolg‘izlikda vafot etgan yaqinlari uchun xudoyilar, tug‘ilgan kunlar o‘tkazib, uy-joylar va dala hovlilar sotib olishda bir-birlari bilan raqobatlashayotganlar yonginasidagi muhtojlardan bexabarmi?!

Hozir boylar ko‘p. Saxovat esa kam. Diniy ulamolar saxiylikni jannatga tushib turgan daraxt shoxlariga qiyoslaydi. Shunday ekan, bir-birimizga jannatdan umidvor bo‘lgan holda saxovat ko‘rsataylik.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bir paytlar Shimoliy Kavkaz respublikalarida va boshqa davlatlarida yoshlarga Imom A’zam mazhabining mohiyati haqida ma’ruzalar qilib, ularni vahobiy, “hizbut-tahrir”chi degan nomlar va boshqa tamg‘alar ostida qamalishdan saqlab qolgan holda to‘g‘ri yo‘lga solish borasida ajoyib maktab yaratgani yodimizda bor. Shuning uchun ham nafaqat Shimoliy Kavkaz respublikalaridagi, balki butun MDH hududidagi dindorlar Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni o‘z pirlari deb bilishadi. Qur’onda ham, hadisda ham din yo‘lida adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, sura va oyatlarni to‘g‘ri talqin-tafsir qilish, adashganning tavbasini qabul qilish, bunda ulamolar zimmasidagi mas’uliyat katta ekanligi aniq va lo‘nda qilib aytilgan. Keyingi ikki yilda ilgari dinda adashib noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolganligi oqibatida qamalgan ko‘plab yoshlar ozodlikka chiqqani olijanoblikning yuksak namunasidir.

Davlatimiz rahbarining “bitta yosh yigitning qamalishi juda og‘ir holat” degani inson qadri ulug‘ligini ifoda etadi. Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalashda diniy ulamolarning ilmidan tashqari taqvosi ham o‘ta muhim. Dinda to‘g‘ri tarbiyalangan yoshlar Vatanga, xalqqa, jamiyatga, sadoqatli bo‘ladi.

Atigi ikki yil oldin odamlar mansabdor poraxo‘rlarning nomlarini o‘zaro pichirlab tilga olishardi. Bugun poraxo‘r qancha olganligi, uning harom yo‘l bilan topgan mol-mulklari, qachon qamoqqa olinganligi, hozir o‘ziga qarshi qanday ko‘rsatma berayotganligi, qaysi yaqin odami qochib ketganligi, qaysinisi chegarada qo‘lga olinganligi — hammasi ochiq-oydin aytilyapti. Xalqning tavqi la’natiga yo‘liqish uning butun avlod-ajdodiga isnoddir. Bunday holatlar boshqa ta’magirlar, ochko‘zlar, yeb to‘ymaslar, davru davron surishga orzumandlar, noshukurlar uchun ibrat bo‘lmog‘i lozim. Yurtimizda yaqin o‘tmishda yuz bergan salbiy oqibatlarni oshkor qilishdagi bugungi o‘zgarishlar bundan buyon aql-idrok bilan fikrlab to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Biz endi so‘zda emas, amalda qalban o‘zgarishimiz zarur.
Ibrohim NORMATOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?