“Skorpion” filmi prodyuseri: “ Birinchi boʻlish hech qachon hech kimga oson kechmagan”

14:28 28 Noyabr 2018 Madaniyat
356 0

“Xalq soʻzi Online”/Hasan Toshxoʻjayev. Yoshlar ijod saroyida “PROlogue” IV xalqaro kinofestivalining ochilish marosimida gala-taqdimoti boʻlib oʻtgan, oʻtkir syujetli ekshn va triller janrlarida suratga olingan “Skorpion” badiiy filmi ijodkorlari bilan matbuot anjumani uyushtirildi.

Unda kinokartina rejissyori Muxlisa Azizova, prodyuser Oybek Abdushukurov, film operatori, oʻzbek tomoshabinlariga “Welcome to Bukhara” roligi orqali yaxshi tanish boʻlgan Maks Tsui (Germaniya), ikkinchi ssenarist Abdugʻani Saidov, shuningdek, aktyorlar Farhod Mahmudov, Yulduz Rajabova, Raʼno Shodiyeva qatnashdi.

Tadbir quruq maʼruzalar bilan emas, balki qizgʻin savol-javoblar ostida kechdi. Har bir jurnalist oʻzini qiziqtirgan savoliga batafsil javob oldi. Aytish kerakki, bunda film ijodkorlarining jurnalistlar bilan yaqin boʻlishga intilgani, tez orada xalqqa taqdim etiladigan mazkur megaloyihaning ertaga oddiy tomoshabin uchun ham tushunarli boʻlishini taʼminlash, tugʻilishi muqarrar boʻlgan savollarga hozirdanoq javob berishga saʼy-harakat qilingani katta ahamiyat kasb etdi.

Matbuot anjumanidan soʻng kinokartina prodyuseri O. Abdushukurovni suhbatga tortdik.

— Film ustida qariyb uch yil ishlandi, — dedi u. — Avvalo, ssenariy yozib boʻlingach, biz ijodiy jamoani qanday va kimlar bilan toʻldirish ustida jiddiy izlandik. Kartinamizning zamonaviy jahon kinematografiyasidan mustahkam oʻrin olishini maqsad qilgan holda, oʻzimizning tajribali va yuksak mahoratli sanʼatkorlarimizdan tashqari, turkiyalik taniqli aktyor Murat Yildirim hamda rossiyalik artist Vyacheslav Razbegayevning xizmatidan ham foydalandik.

Bundan tashqari, ssenariy muallifi sifatida amerikalik ssenarist Bob Andervudni, operator sifatida esa asli xitoylik, ammo bugungi kunda Germaniyada yashab ijod qilayotgan tajribali Maks Tsuini jalb etdik. Ovoz ustida ishlash jarayoni “Mosfilm” kinokonserni mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Rang-tasvir ustida “Legenda (“Afsona”) 17”, “Dvijeniye vverx” (“Yuksaklikka intilib”), “Viking” singari kinokartinalarda ishlagan “Color Kitchen” (Rossiya) kompaniyasi ish olib bordi.

Bugun kino — mafkura quroli emas. Dunyo miqyosida olganda ham, kino koʻngilochar ashyoga aylangan. Filmni yaratarkanmiz, odamlar qandaydir mafkuradan bahra topish ilinjida emas, dam olish, charchoqlarini unutish uchun film tomosha qilishini hisobga oldik. Ammo ana shu oddiylik zamiriga Vatan, uning taqdiri har birimizga bogʻliq ekanini anglatuvchi detallarni kiritdik. Tan olamiz, kamchiliklar bisyordir, lekin bu aynan shu yoʻnalishda birinchi ekanimiz uchun, desam, adashmayman. Bizdan keyingilar, albatta, mukammal film ishlashadi, deb ishonaman. Birinchi boʻlish esa hech qachon hech kimga oson kechmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?