“ Sizga hayitlik olib keldik”

10:43 23 May 2020 Jamiyat
109 0

Namangan viloyati ahli ham ezgu amallar oyi boʻlgan Ramazonni munosib yakunlamoqda. Bunda sadaqa va xayru ehsonlarning savobi yana-da koʻp, ajri ulugʻ boʻlishiga eʼtibor qaratilib, joylarda yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalar, nogironlar, bemorlar xolidan har qachongidan koʻp xabar olindi. Mehribonlik va Saxovat uylariga xomiylik yordamlari koʻrsatildi. Kecha-bugun hayit arafasida, ayniqsa, yoʻqlovlar yana-da koʻpaygan.

Masalan, “Agrobank”ning Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi vakillari “Langarbobo” mahallasidagi 30 ta nochor ahvoldagi oilaga bayram savatlari bilan kirib bordi. Xonadonlarga bir qopdan un, shuningdek, shakar, gurunch, goʻsht, kartoshka, piyoz va makarondan iborat oziq-ovqatlar tortiq qilindi. Ikki farzandli, boquvchisidan ayrilgan Nasiba Tojiboyevaning oilasi haqiqatda yordamga muhtoj. Biroq, ayol shukronalik bilan bolalarini tarbiyalamoqda. Bank xodimlari yoʻqlovidan uning boshi osmonga yetdi.

- Hovlimizdagi oʻrik va boshqa mevalar ham pishib qoldi, — deydi N. Tojiboyeva. – Ularni bozorga chiqargunimizga qadar bugun bank tomonidan berilgan mahsulotlar roʻzgʻorimizni but qilib turadi.

Viloyatda bu singari xayrli tadbirlarga koʻplab qoʻli ochiq saxovatli insonlar ham faol qoʻshilishmoqda. Xususan, keyingi kunlarda 30 nafardan ortiq tadbirkor kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 2 milliard soʻmlikdan ziyod miqdorda moddiy yordam koʻrsatdi. Ular orasida kosonsoylik fermer Muzaffarxon Najmiddinov ham bor. Oʻzi istiqomat qilayotgan mahalladagi nochor xonadonlarga 10 tonna un, 2 tonna oʻsimlik yogʻi bilan hayitlik tuhfa qilgan bu inson olgan duolar uning ishini yana-da yurishtirishi tabiiy.Toʻraqoʻrgʻonlik xususiy tadbirkor Mamatxon Mirzayev ham 375 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari bilan yuzlab mahalladoshlarining koʻnglini oldi.

Shahar va tumanlarda hayit munosabati bilan yoʻqlovlar davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?