Siyosiy partiyalarning soʻnggi debati 20-dekabr kuni boʻlib oʻtadi

18:00 17 Dekabr 2019 Siyosat
645 0


Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusaloimov boshqargan majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylovlarga koʻrilayotgan tayyorgarliklarni kuzatish jarayonlari boʻyicha Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi kuzatuvchilari missiyalarining oraliq hisobotlari, saylovlarda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyasi, deputatlikka nomzodni roʻyxatdan chiqarish va shu munosabat bilan saylov byulleteniga tuzatish kiritish, saylov uchastkalarida saylov jarayonini videotranslyatsiya va biometrik identifikatsiya qilish qurilmalarini joriy qilish va oʻrnatish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarga oid masalalar oʻrin oldi.

Shuningdek, Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi va Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 126-Beshkent okrug saylov komissiyasining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axborotlari tinglandi.

Majlis avvalida MDH kuzatuvchilar missiyasi va YEXHT DIIHB saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining 2019-yil 22-dekabrda oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasidagi saylovlar boʻyicha oraliq hisobotlari koʻrib chiqildi.

Hisobotlarda boʻlajak saylovlar sezilarli darajada yangilangan huquqiy tizim doirasida oʻtkazilayotgani alohida taʼkidlangan. Joriy etilgan yangiliklar bir necha marta ovoz berishni istisno etuvchi saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tatbiq etilishi, Qonunchilik palatasida Ekologik harakat deputatlik oʻrinlari uchun kvotalar bekor qilinishi, saylovchilarga bittadan ortiq siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishini qoʻllab-quvvatlash uchun imzo qoʻyish huquqining berilishi, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga saylovda ovoz berish huquqi berilishi bilan bogʻliq xalqaro standartlarga mos saylov qonunchiligiga oid yangiliklar ijobiy baholangan. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovlarni kuzatish huquqi berilgani, deputatlikka nomzodlar orasida ayollarning ulushi 41 foizgacha va boshqa millat vakillarining ulushi 8,4 foizgacha oshgani alohida taʼkidlangan.

Hisobotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga yuqori baho berilgan. Jumladan, YEXHT DIIHB hisobotida taʼkidlanishicha, Komissiya aʼzolarining soni 16 nafardan 21 nafargacha, tarkibidagi ayollar soni 3 nafardan 7 nafargacha koʻpaydi. MSK tomonidan saylovlarni oʻtkazish tartibi va muddatlariga qatʼiy rioya qilinmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda, saylovchilarni keng xabardor qilib borish, butun mamlakat boʻylab saylov komissiyasi aʼzolarini oʻqitish, ilk bor “Saylov – 2019” mobil ilovasini ishga tushirib, amaliyotga tatbiq qilish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamdagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.

MDH kuzatuvchilar missiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlik koʻrishni kuzatish jarayoni toʻgʻrisidagi 2019-yil 12-dekabrdagi oraliq hisoboti, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining Oʻzbekiston Respublikasidagi parlament saylovlarini kuzatish boʻyicha missiyasining 2019-yil 13-dekabrdagi oraliq hisoboti maʼlumot uchun qabul qilindi.

Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlarini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali yoritish va aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, uchastka saylov komissiyalariga siyosiy partiyalar tomonidan oʻtkaziladigan saylovoldi tadbirlari toʻgʻrisida saylovchilarni xabardor qilib qoʻyish boʻyicha ishlarni faollashtirish, shuningdek saylov sohasidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoida va normalarga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha yanada izchilroq choralar koʻrish, ommaviy axborot vositalariga siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari tahliliga koʻproq eʼtibor qaratish, shuningdek omma oldida oʻtkazilgan ochiq munozaralar (debatlar) boʻyicha yakuniy tahliliy fikrlarini taqdim etish tavsiya etildi.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Siyosiy partiyalarning Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida 2019-yil 20-dekabrda soat 14.00 dan 16.00 gacha toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilish orqali partiyalar oʻrtasida yakuniy ochiq munozaralarni (debatlarni) oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.

MSK Kotibiyatiga xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari missiyasining dastlabki va yakuniy hisobotlarini olganidan soʻng xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilar missiyasining dastlabki va yakuniy hisobotlarini milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish nuqtayi nazaridan oʻrganish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini muhokama qilish boʻyicha 2020-yilning ikkinchi choragida xalqaro konferensiya oʻtkazish va ilgʻor xorijiy davlatlarning tajribasini milliy saylov qonunchiligiga implementatsiya qilish masalasi koʻrib chiqiladi.

Majlisda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oʻzgartirish kiritilgan saylov uchastkalariga videokameralar va biometrik identifikatsiya qilish qurilmalarini oʻrnatish ishlarini joriy yilning 19-dekabriga qadar toʻliq yakunlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bugungi kunga qadar 186 nafar xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi tomonidan navbatdagi taqdimnomada YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT/DIIHB), YEXHT Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kabi missiya aʼzolarining hujjatlari taqdim qilindi. Oltita missiyaning 642 nafar aʼzosini xalqaro kuzatuvchi sifatida roʻyxatga olish boʻyicha qaror tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 35-moddalariga hamda Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq mamlakatimiz va chet el jurnalistlari akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Majlisda “Kun.uz” internet nashri, “Podrobno.uz” yangiliklar agentligi, Belgiyaning “Diplomat Magazine” jurnali, AQSHning “Radio svoboda” Yevropa xizmati, Tailandning “NBT World” telekanali, Shveysariyaning “Diva International” jurnalining jurnalistlari akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Komissiya aʼzolari saylovlarni yoritishda ishtirok etuvchi navbatdagi 20 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistni akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qildi.

Komissiya aʼzolari shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 19-noyabrdagi 987-son hamda 2019-yil 26-noyabrdagi 991-son qarorlariga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtkazilgan ayrim xorijiy va mahalliy jurnalistlarning akkreditatsiyalari tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan bekor qilindi.

Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 283 nafarga va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa 99 nafarga yetdi.

Tadbirda shuningdek, deputatlikka nomzodni roʻyxatdan chiqarish va shu munosabat bilan saylov byulleteniga tuzatish kiritish masalasi koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan 63-Kattaqoʻrgʻon saylov okrugidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib koʻrsatilgan Sobir Sayfiyevich Shukurov oʻz ixtiyori bilan bergan arizasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar roʻyxatidan chiqarildi.

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tomonidan 54-Norin saylov okrugidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib koʻrsatilgan Abduvali Xayrullayevich Mavlanov oʻz ixtiyori bilan bergan arizasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar roʻyxatidan chiqarildi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?