Siril Myuller: Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlarning yuksak samara berishiga ishonamiz

09:45 01 Mart 2019 Siyosat
202 0

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller Oʻzbekiston bilan sheriklik va yangi istiqbolli dasturlar haqida OʻzA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi:

— Avvalo, yurtimizda ­kechayotgan oʻzgarishlarga ­xayrixoh ­Jahon bankining Oʻzbekistonga sarmoya kiritishi borasidagi ishtirokiga toʻxtalsangiz.

— Oʻzbekistonga har kelganimda, mamlakatdagi oʻzgarishlar va islohotlar koʻlamining kengayganiga guvoh boʻlaman. Menda, shuningdek, xalqingizning mehnatsevar­ligi va gʻayrati juda­
katta taas­surot qoldirgan.

Bu odamlarning yuz-koʻzlarida, ­tashkilotimiz tomonidan ularning turmush sharoitiga oid olib boriladigan soʻrov jarayonlarida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Yurtingizdagi iqtisodiy islohotlar haqida soʻz borganda, sohada olib borilayotgan uch asosiy jihatni alohida taʼkidlashni istardim. Birinchidan, Oʻzbekistonda oqilona makroiqtisodiy, byudjet islohotlari amalga oshirilmoqda. Soʻnggi ikki yilda bu sohalarda olib borilayotgan ishlar Oʻzbekistonning taraq­qiyot sari muvaffaqiyatli yoʻldan ketayotganiga boʻlgan ishonchni tobora ­mustahkamlamoqda.

Bunga bir nechta misollar keltirish mumkin. Murakkab kechayotgan oʻzgarishlarga qaramay, iqtisodiy oʻsish surʼati 5 foizdan ziyodni ­tashkil etmoqda.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston xalqining mamlakatdagi oʻzgarishlarga qiziqishi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishga, yangi biznes tashkil etishga, mamlakatga sarmoya kiritishga ishtiyoqi tobora kuchaymoqda. Oʻzbekistonning kelgusida ham ushbu puxta oʻylangan iqtisodiy siyosatni moliya­viy va byudjet nuqtai nazaridan qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishi muhim. Chunki bular taraqqiyotning asosi.

Oʻzbekiston ilk marta London birjasida yevrobondlarni bozorga qoʻydi. Bu Oʻzbekiston uchun muvaffaqiyatli qadamlardan yana biri, ­deyish mumkin.

Shuningdek, iqtisodiyot taraqqiyotiga sarmoya kiritishga alohida ahamiyat berayotgani eʼtiborga ­molik. Biz yaqinda xususiy sektor tahlilini amalga oshirdik. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan sohalarni aniqladik. Shulardan biri bogʻdorchilik tarmogʻidir. Oʻzbekiston bu ­borada ulkan salohiyatga ega.

Logistika tizimini takomillashtirish ham eng dolzarb masala. Chunki, Oʻzbekiston toʻgʻridan-toʻgʻri dengiz yoʻliga chiqish imkoniyatiga ega emas. Bu, avvalo, transport-kommunikatsiya, logistika infratuzilmasini yaxshilash, Markaziy Osiyo mintaqasida ushbu sohalardagi aloqalarni rivojlantirishni taqozo etadi.

Energetika iqtisodiyotning yana bir muhim tarmogʻi. Oʻzbekistonda ushbu sohadagi infratuzilma yangilanishi va rivojlantirilishi zarur. Sohaga sarmoya jalb etishni izchillik bilan olib borish lozim.

Uchinchidan, iqtisodiy oʻsish inklyuziv tarzda yoʻlga qoʻyilmoqda. Yaʼni yangi iqtisodiy jarayonlarda xalq faol ishtirok etmoqda. Bunday amaliyot davlat mablagʻlarining ­ijtimoiy sohalarga maqsadli ­yoʻnaltirilishini taʼminlaydi.

— Mamlakatimizda aholi turmush darajasini yaxshilashga alohida ahamiyat ­qaratilmoqda. Oʻzbekiston bilan ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik, istiqbolli rejalar haqida gapirsangiz?

— Jahon banki Oʻzbekistonda aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu borada mart oyida yangi loyihani tasdiqlash arafasidamiz. Loyihani amalga oshirishda Oʻzbekistonning bitta viloyati ­tanlab olinadi. Mazkur dastur kutilgan natija berganda, uni mamlakatingizning barcha hududiga tatbiq etishni rejalashtirganmiz.

Oʻzbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarimiz energetika, transport, shahar va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligini intensiv rivojlantirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash ­tizimini takomillashtirish kabi ­sohalarni qamrab olgan.

— Qishloq xoʻjaligi ­Oʻzbekiston uchun muhim soha. Jahon bankining ushbu ­sektorni isloh qilish va rivojlantirishdagi ishtiroki nimalarda namoyon?

— Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi sohasiga investitsiya kiritishni istiqbolli deb bilamiz. Shu bois ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik bugungi kunga qadar muvaffaqiyatli davom etmoqda. Hamkorlik sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermerlarga kredit ajratish kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. ­Barcha saʼy-harakatlar qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish hisobiga sarf-harajatlarni qisqartirish va yuqori samaradorlikka erishishga qaratilgan.

Sohada oʻsish surʼatini taʼminlashda mavjud infratuzilmani ­rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Shu bois Jahon banki Oʻzbekistonda kadastr tizimini zamon talablari asosida tashkil etish boʻyicha maqsadli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikni har tomonlama rivojlantirish tarafdori. Ushbu hamkorlikning ahamiyati va Oʻzbekistonning undagi ishtirokini qanday baholaysiz?

— Hozirgi kunda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi faol hamkorlik va oʻzaro ishonch har qachongidan-da muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonning qulay geografik joylashuvi, aholisi soni boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchi ekani uning mintaqa taraqqiyotida muhim oʻrin ­tutishini anglatadi.

Shunga qaramasdan, Markaziy ­Osiyoda energetika, transport-logis­tika sohalarini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ustuvor vazifalar mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi saʼy-harakati bilan amalga oshirilishi mumkin. Bu kabi masalalarda oʻzaro va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash alohida ahamiyatga ega.

Jahon banki turli davlatlarda oʻz loyihalarini amalga oshirishda nafaqat bir mamlakatning, balki mintaqadagi boshqa davlatlarning ham manfaatlarini inobatga oladi. Jahon banki Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga, loyihalarga, ularning yuksak samaralar berishiga alohida eʼtibor bilan qaraydi va qoʻllab-quvvatlaydi.

OʻzA muxbiri Ulugʻbek SHONAZAROV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?