Sirdaryolik uysiz, tadbirkor ayol respublika boʻylab xayriya tadbirlarini davom ettirmoqda

17:55 12 Aprel 2019 Jamiyat
320 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Avval bir necha bor xabar berganimizdek, Guliston shahrilik yakka tadbirkor Dilfuza Mansurova respublikamiz boʻylab xayriya tadbirlari oʻtkazmoqda. (Xususan, yaqinda bu haqda “Oʻzi uysiz gulistonlik tadbirkor ayol respublikamiz boʻylab xayriya tadbirlarini davom ettirmoqda” degan axborot berilgan edi).

Dilfuza Mansurova kecha Navoiy viloyatidagi perinatal markazida bir guruh kamtaʼminlangan oilalar bekalariga chaqaloqlar kiyimlari toʻplam (“konvert”)lari va bolalar kiyim- kechaklarini tuhfa etgan boʻlsa, bugun mazkur sahovat tadbirini Buxoro viloyatidagi ana shunday tibbiyot maskanida amalga oshirdi.

U bundan oldin, Navroʻz bayrami arafasida Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati perinatal markazida ham boʻlgan edi.Qizigʻi, Dilfuza Mansurova mazkur muassasaga ertasi kuni yana bordi. Nega? Ushbu savolga uning “Xalq soʻzi” muxbirining telegram manziliga joʻnatggan “Assalomu alaykum! Bugun men tong sahardan yana Chirchik shahriga yoʻlga chiqayapman, tun boʻyi koʻzimga uyqu kelmadi, sababi, fikru hayolim Chirchiq shahridagi perinatal markazidagi uch egizak qiz va onasi ogʻir ahvolda reanimatsiyada yotgan chaqaloqda boʻldi” deb boshlangan. Dilfuzaning bildirishicha, uch egizakni onasi ham nihoyatda qiynalgan ayol boʻlib, yordamga muhtoj ekan. Onasi ogʻir ahvolda reanimatsiyada davolanayotgan chaqaloq ham kamʼtaminlangan oiladan ekan. Ana shularni oʻylab, Dilfuza Mansurova yana bolalar kiyim-kechaklarini olib Chirchiqqa borishga qaror qilibdi. Xabarda shuningdek, bunday xayrli ishlarini aslo oʻzini sahovatpesha qilib koʻrsatish uchun qilmayotganini bildirgani holda, uning xayriyalari kimlargadir namuna boʻlsa shuning oʻzi kifoya ekanligini izhor etgan.

Tadbirkor ayol, shuningdek joriy yil boshida Samarqand viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham xayriya tadbirlarini amalga oshirgan edi.

Maʼlumot uchun, Dilfuza Mansurova yakka tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadi, u boshchiligidagi chevarlar jamoasi chaqaloq kiyimlari toʻplami va bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqaradi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?