Sirdaryolik tadbirkorlar Xitoyga safar qilishdi

11:58 18 May 2018 Iqtisodiyot
464 0
Foto: investiguru.net

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasining Chjetszyan provinsiyasida bo‘ldi.

Turli tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlardan iborat guruh a’zolari safar davomida iqtisodiy ko‘rsatkichlari jihatidan Xitoyda to‘rtinchi o‘rinda turuvchi mazkur provinsiyaning bir nechta tuman va shaharlari, kompaniya hamda ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurishdi. Hududlarning mas’ul rahbarlari ishtirokida ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

— Safar mobaynida xitoylik hamkorlar bilan 205 million AQSh dollarilik 15 ta shartnoma imzolandi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Avaz Xodjiyev. — Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va boshqa yo‘nalishlarda ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv memorandumlari imzolandi.

Xizmat safari chog‘ida, shuningdek, Shanxay shahrining Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hamda boshqa hudud va kompaniyalar bilan ham investitsiyalar kiritish, tovar ayirboshlash, paxta klasterlarini barpo qilishda Xitoy texnologiyasini qo‘llash kabi ko‘plab amaliy ishlar yuzasidan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Ahmadali SHERNAZAROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?