Sirdaryolik oʻquvchilar uchun “Zomin” oromgohi bunyod etildi

17:58 29 May 2019 Jamiyat
369 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Zomin togʻlari bagʻridagi Qoʻriq qishlogʻida Sirdaryo viloyati maktab oʻquvchilari uchun viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasiga qarashli zamonaviy bolalar oromgohi bunyod etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur maskan joriy yilgi mavsum davomida 800 nafar oʻgʻil –qizni qabul qilishi kutilmoqda.

Unda har 8 nafar bola uchun yotoq hamda unga yondosh holda yuvinish xonalari mavjud. Shuningdek, har bir xonaga televizor oʻrnatilgan boʻlib, ularda markazlashgan boshqaruv asosida bolalarga moʻljallangan video koʻrsatuvlar namoyish qilib boriladi. Shuningdek, bu yerga keluvchilar oromgoh tomonidan kiyim-bosh va boshqa vositalar hamda toʻrt mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi. Eʼtiborlisi, uzunligi 50 metrlik choʻmilish basseyniga oʻrnatilgan zamonaviy qurilma suv haroratining doimo 26 daraja iliq boʻlishini toʻliq kafolatlaydi.

Maʼlumot uchun, Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining Zomin tumanidagi “Guliston” va Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” bolalar oromgohlari ham mavsumga taxt qilib qoʻyildi. Yoz davomida tizimning uchta oromgohida jami 2000 nafar oʻquvchi dam olishi moʻljallangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?