Sirdaryolik mirishkorlar davlatga g‘alla sotish rejasini bajarishdi

17:13 29 Iyun 2018 Iqtisodiyot
428 0

Sirdaryo viloyati g‘allakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib davlatga don sotish shartnoma rejasini bajardi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, 86,5 ming gektar maydonga g‘alla yetishtirilib, barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi natijasida belgilangan shartnoma rejasi 25 ish kunida bajarildi.

Yana bir e’tiborli jihati, og‘ir iqlim va yer sharoiti bo‘lishiga qaramasdan viloyatimiz mirishkorlari viloyat qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi marotaba o‘rtacha 50 sentnerdan hosildorlikka erishildi.

Bunday g‘alaba Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 13 aprel kuni viloyatimizga qilgan tashrifida viloyat faollariga ertadan boshlab “Avlodlarga, elga, Vatanga, farzandlarga sadoqat bilan xizmat qilishda Sirdaryo namunasi tashabbusi bilan chiqsalaringiz men sizlardan rozi bo‘laman”, degan da’vatidan ilhomlangan holda qo‘lga kiritildi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘rim mavsumini samarali tashkil etishda yangi zamonaviy o‘rim kombaynlari xarid qilindi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati o‘rim texnikalari jalb etildi.

Shartnoma rejasining qisqa kunlarda ortig‘i bilan bajarilishida Xovos, Sayxunobod, Boyovut va Sirdaryo tumanlarining dehqon va fermerlari jonbozlik ko‘rsatdilar.

Ayniqsa, Boyovut tumanidagi “Sanjarbek Jo‘rayev” va “Abdumavlon Doniyorov” fermer xo‘jaliklari har gektar maydondan o‘rtacha 85-90 sentnerdan xirmon ko‘tardilar. Sirdaryo tumanidagi “Omonboy o‘g‘li Tugal” va “Malek bobo” fermer xo‘jaliklari hosildorlikni 80 sentnerga, Sayxunobod tumanidagi “Chuchuk suv bo‘yi” va “Nurmurod o‘g‘li Ilyos” fermer xo‘jaliklari jamoasi 75-80 sentnerga, Xovos tumanidagi “Xovos sara don” va “G‘ulomjon bog‘lari” fermer xo‘jaliklari dexqonlari 75 sentnerlik hosildorlikka erishdilar.

Davlat shartnomaviy rejasining bajarilishiga I. Iminov, Q. Xo‘jamqulov, N. Xo‘jaaxmedov va N. Berdiyarov kabi kombaynchi-mexanizatorlar kuniga 100-120 tonnadan g‘alla donini o‘rib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.

Hali dalalarda hosil bor. Shu bois viloyatlik mirishkorlar o‘rtacha hosildorlikni 55 sentnerga yetkazish maqsadida astoydil mehnat qilishmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?