Sirdaryolik faollar viloyat ahliga murojaat qildi

21:40 20 Mart 2020 Jamiyat
225 0

Viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, bir guruh nuroniylar, faol xotin-qizlar, deputatlar va yoshlar ittifoqi viloyat kengashi aʼzolarining yurtimizda mavjud koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha Sirdaryo vohasi ahliga

MUROJAATI

Muhtaram sirdaryoliklar!

Koronavirus deb atalgan ofatning oldini olish uchun bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Bu balodan qutulishning asosiy omillaridan biri hushyorlikni qoʻldan bermasdan, hamjihatlik bilan bir tan, bir jon boʻlib kurashishimiz lozim. Koʻzlangan maqsadga erishmogʻimiz uchun har bir fuqaro nafaqat oʻzining, balki yon-atrofidagilarning, avvalo oila aʼzolarining salomatligiga daxldorligini unutmasligi kerak.

Qadimdan koʻp ogʻir sinovlarni va yaxshi-yomon kunlarni boshidan kechirgan xalqimiz hozirgi holatda hammasini toʻgʻri tushunib, ongli ravishda hech qanday vahimaga berilmasligiga ishonamiz. Keksalarimiz yoshlarga qimmatli oʻgitlar berib, hammaga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda.

Xotirjamlik ham kerak. Lekin ogohlikni ham qoʻldan bermaslik lozim. Oqilona ish tutgan holda birinchi navbatda mutaxassis shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, farzandlarimiz bilan uylarimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarur. Hozirgi paytda bozorlarimizda oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Bu borada mutasaddi tashkilotlar vakillari nazoratni bir daqiqaga ham susaytirganlari yoʻq.

Dunyoni tashvishga solib qoʻygan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, aql bilan ish yuritib, harakat qilmogʻimiz zarur. Aholi oʻrtasida, barcha tashkilotlarda deputatlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlari olib borilayotgani nur ustiga aʼlo nur boʻlmoqda.

Oʻquv muassasalaridan vaqtinchalik taʼtilga chiqqan oʻgʻil-qizlarimiz uydan koʻchaga behudaga chiqmasdan, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun darsliklarini takror oʻqish bilan birga badiiy kitoblar mutolaasi bilan shugʻullanib, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan, intellektual salohiyatini oshiradigan, boy madaniyatimizga oid telekoʻrsatuv va radioeshittirishlardan bahramand boʻlishlari tavsiya etiladi.

Tibbiy xizmatning asosiy faoliyati sanitar barqarorlik, jamoat salomatligini taʼminlash, kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini tashkil etishga qaratilishini davr taqozo etmoqda.

Aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borishda, moʻtadil kayfiyatni taʼminlashda, odamlarni ogohlikka daʼvat etishda masʼulligimizni his etib, joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi bilan bogʻliq muammolarni chuqur oʻrganishni muhim vazifamiz deb bilamiz. Shuningdek, daxldor masʼul xodimlar viloyatimizning qoʻshni mamlakatlar bilan chegaradosh boʻlgan hududlarida bojxona postlaridagi kunlik nazorat bilan bogʻliq vaziyatdan ham xabardor boʻlib turibdilar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev yaqinda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham xalqimiz hech qanday xavotir va vahimaga berilmasdan, aksincha, bir tanu bir jon boʻlib, xotirjamlik bilan ish tutishi, belgilangan gigiyenik talablarni oʻz vaqtida bajarib turishlari ayni paytdagi eng toʻgʻri yoʻl ekanligini alohida taʼkidladilar.

Bugungi kunda dunyo hamjamiyatini oʻziga xos sinovdan oʻtkazayotgan koronavirus pandemiyasini ortiqcha xavotir va sarosimalarsiz yengib oʻtishga aqlimiz ham, qurbimiz ham yetadi. Ishonchimiz komilki, ushbu sinovli damlarda xalqimiz oʻzining azaldan bardoshliligini namoyon qila oladi. Ushbu pandemiyadan aholimizni ehtiyot qilish choralarini koʻrish maqsadida viloyatdagi mavjud sektorlar va barcha tashkilotlar rahbarlari, butun jamoatchilik, tibbiyot xodimlari bor imkoniyatimiz va kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz. Hozirgi holatning nechogʻlik tashvishli ekanligini chin dildan his qilgan koʻplab saxovatli vohadoshlarimiz imkoniyatlaridan kelib chiqib, xalqimizga ruhan madad berish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida turli himoya va gigiyenik vositalarni beminnat tarqatishayotgani tahsinga loyiqdir. Bunday ezgu saʼy-harakatlar ham xalqimizning azaldan bagʻrikengligining yaqqol namunasidir.

Viloyatdagi barcha yoʻlovchi tashuvchi korxonalarga dezinfeksiya ishlari bilan shugʻullanuvchi korxonalar biriktirilib, jamoat transportlari va tashkilotlarning binolari oʻz vaqtida dezinfeksiya qilinayotir.Mavjud holatdan kelib chiqib, pandemiya bahonasida aholini qoʻrquv va vahimaga solish, bu orqali tinch, barqaror muhitni izdan chiqarishni maqsad qilgan holda tarqatilayotgan xabarlarga nisbatan tezkor munosabatlar bildirilib, aholi oʻrtasida yetarli darajada tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilmoqda. Bugun hukumatimiz va tegishli tashkilotlar tomonidan sizu bizning xavfsizligimiz borasida tizimli ishlar olib borilayotganini aslo unutmaylik. Zero, Oʻzbekistonimiz siyosiy va iqtisodiy bar-qaror davlat sifatida har qanday sharoitda ham oʻz fuqarolari xavfsizligini taʼminlashga qodir. Faqat bunda barchamizdan vazminlik, mavjud holatni real baholay olish va mutaxassislar tavsiyasiga qatʼiy rioya qilish talab etilmoqda.

Ishonchimiz komilki, ushbu sinovli damlarda butun oʻzbek xalqi qatorida bizning viloyatimiz ahli ham hech qachon tushkunlikka tushmaydi va ogohlikni susaytirmagan holda xavfli kasallikka chalinmaslik uchun barcha chora-tadbirlarni belgilashda har bir fuqaro oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.

Hurmatli vohadoshlar!

Vaqtinchalik sinovli kunlarda vahimaga berilmasligingizni yana bir bor eslatib, sizlarga sabr-bardosh va doimiy hushyorlikni saqlashingizni tilaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?