Sirdaryolik 100 nafar ayol Fargʻonaga nega borishdi?

14:24 14 Fevral 2019 Jamiyat
516 0

Foto: Ozoda Mamadaliyeva / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Mana bir necha kundirki, sirdaryolik 100 nafar faol ayol Fargʻona viloyatida boʻlib turibdi.

Oʻzaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan mazkur tashrif davomida sirdaryolik mehmonlar Fargʻona viloyati xotin-qizlar qoʻmitalari, FHDYO, “Oila” markazlari,mahallalar faoliyati va ayollar tadbirkorligi singari koʻplab masalalar boʻyicha vodiylik hamkasblarining ish uslublari bilan tanishishmoqda.

- Mazkur safardan koʻzlangan maqsad samaradorligini oshirish niyatida guruhlarga boʻlinganmiz, -deydi (telefon orqali) Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Sirdaryo viloyati kengashi raisining oʻrinbosari Sayyora Udayeva.- Bu esa barcha tuman-shaharlarda oʻnlab oʻrganish va uchrashuvlar oʻtkazish imkoniyatini bermoqda.Fargʻonalik hamkasblarimizdan ibrat olsa arzigulik jihatlar koʻp ekan, xususan, keksa va hoji onalar ishtirokida Qoʻqonning ajoyib xonadonlaridan birida oʻzbek oilasi, urf-odatlari, ayolning oiladagi oʻrni, udumlarimiz haqidagi purmaʼno muloqoti ish jarayonimizda asqatishi, shubhasizdir.

Guruh tarkibida boʻlgan hamkasbimiz Ozoda Mamadaliyevaning telegram orqali yoʻllagan xabariga koʻra, sirdaryolik mehmonlar Quvasoy shahridagi Arsif qishloq mahalla fuqarolar yigʻinidagi mahalla guzari,xonadonlarda ham boʻlishdi.Mahallada 539 ta xonadon boʻlib,aksariyati tomorqasida issiqxona tashkil etgan. Masalan, Fotima va Rasuljon Akromovlar8 yildan buyon limon parvarish qiladi. 5 sotix maydonda meva, yana shunchasida limon koʻchatlari yetishtirishadi.Ularning aytishicha,oʻtgan yilgi tomorqalarida yetishtirilgan 6,5 tonna hosil Rossiyaga eksport qilindi.Qishloq aholisi shuningdek,mandarin,kivi kabi sitrus mevalari yetishtirishga ham qoʻl urishgan. Lazizbek Ahmedov 4 sotix yerda mandarin koʻchatlari parvarishlamoqda. Shuningdek, noyob gul koʻchatlari ham oʻstirmoqda.Sirdaryolik mehmonlarga ana shu meva va gul koʻchatlari taqdim etildi.

Sirdaryolik mehmonlar shuningdek, viloyatning tarixiy obidalari, ziyoratgohlariga tashrif buyurishdi. Mamlakatimizning mashhur atlas va adraslari markazi - Margʻilon shahridagi “Yodgorlik”va Qoʻshtepa tumanidagi “Ismoiljon gilamlari” korxonalarida hunarmand xotin-qizlar tomonidan ipak gilamlari, adrasu atlaslar toʻqish jarayoni bilan tanishdilar.

Eʼtiborlisi, hademay Fargʻona viloyati xotin-qizlar guruhi Mirza vohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy oʻzgarishlar, mahallalar, xotin-qizlar, oila masalalari bilan shugʻullanuvchi idoralar, sirdaryolik tadbirkor ayollar ish faoliyati bilan tanishish uchun Sirdaryoga tashrif buyuradilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?