Sirdaryodagi muzeyda saqlanayotgan koʻza loyiga nega yod qoʻshilgan?

14:12 02 May 2019 Madaniyat
552 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyida saqlanayotgan Eski Xovostepadan topilgan koʻza yod qoʻshilgan loydan yasalgani aniqlandi. Maʼlumki, inson tanasida mazkur modda yetishmovchiligi tufayli boʻqoq kasalligi paydo boʻladi. Olimlarning fikricha, ayni dardning oldini olish va uni davolash maqsadida oʻtmishning eng asosiy suv idishi boʻlgan koʻzalarning loyiga yod qoʻshilgan. Yaʼni koʻzalar bir vaqtning oʻzida ham idish, ham davo vositasi boʻlib xizmat qilgan.

Eski Xovostepadan topilgan yana bir eksponat- humo qushi tasviri tushirilgan shamdon tutqichini ikkita – Termiz arxeologiya va Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyida koʻrish mumkin.Hosildorlik maʼbudasi - Anaxita haykalchalari ham noyob hisoblanadi. Sayxunobod tumanidagi Kindiktepada olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasi hisoblanmish shakli, belgilari bilan bir-birini takrorlamaydigan muhrlar esa tarixda Sharq Uygʻonish davri deb yuritiladigan IX-X asrlarga mansubligi maʼlum boʻldi.

-Bizda bunday ilmiy-tarixiy jihatdan qimmatli ahamiyatga ega arxeologik topilmalar soni anchagina, -deydi muzey direktori Zokirjon Xoldorov. - Shu bois ham viloyatimiz garchi bir vaqtlar qoʻsh uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan Mirzachoʻl negizida tashkil etilgan boʻlsa-da, noyob osori atiqa eksponatlarning koʻpligi boʻyicha respublikamizdagi 160 ta muzeylar oʻrtasida 16 –oʻrinda turadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?