Sirdaryodagi kompaniya Rossiyaning eng yirik savdo tarmogʻiga mahsulotlar yetkazib beradi

16:18 12 Fevral 2019 Jamiyat
150 0

Moskvada tashkil etilgan “Prodekspo-2019” xalqaro koʻrgazmasida oʻzbekistonlik va rossiyalik tadbirkorlar oʻrtasida qator istiqbolli bitimlar imzolandi.

Xususan, yaqin kunlarda Rossiyadagi eng yirik “Ashan” savdo tarmogʻining barcha gipermarketlarida diyorimizda yetishtirilgan sarxil va quruq mevalar paydo boʻladi. Bu haqda “Dunyo” AA Sirdaryodagi Uzbegim Group kompaniyasi bosh direktori Umida Sattorovaga asoslanib xabar berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, bu boradagi tegishli bitim koʻrgazmaning dastlabki kunidayoq imzolangan.

“Nafaqat Moskvadagi chakana savdo tarmogʻi, balki Rossiyaning boshqa mintaqalari ham Oʻzbekistonga qiziqish bildiryapti. Masalan, tovarlarimizning dastlabki partiyasi yaqin vaqt ichida Novosibirskka yuboriladi”, - dedi ishbilarmon ayol.

“Prodekspo-2019”da Oʻzbekiston Made in Uzbekistan brendi ostida ishtirok etyapti. Yurtimiz burchagidan quruq va sarxil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, konservalar, alkogol va alkogolsiz ichimliklar, choylar, yongʻoqlar, qandolat mahsulotlari kabilar joy olgan.

Toshkentdagi Best Tastes Technology oʻzining UzKand brendi bilan quruq mevalar va yongʻoqlarni Rossiyaga, u orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishdi.

“Biz Rossiyaning turli nuqtalaridan kelib “Prodekspo-2019”da ishtirok etayotganlar bilan muzokaralar olib bordik. Moskva, Novosibirsk, qolaversa, Belarus kompaniyalari bilan dilerlik shartnomalarini imzoladik. Ishlab chiqarayotgan tovarlarimiz turkumini kengaytirish rejamizda turibdi. Bu bizga Rossiya bozoridagi ishtirokimizni mustahkamlash va asta-sekin boshqa davlatlarga chiqish imkonini beradi”, - dedi kompaniya rahbari Ravshan Ikromov.

Crafers kompaniyasi koʻrgazmada un, shokolad, karamel, marmelad, zefir, jele va va boshqa qandolatchilik mahsulotlarini taqdim etdi. Uning eksport va tashqi savdo faoliyatini rivojlantirish departamenti boshligʻi Sanjar Qurbonaliyevning aytishicha, kompaniya Rossiyadagi eng yirik importchi va riteylerlar bilan uchrashuvlar oʻtkazgan.

“Bizning mahsulotlar bilan nafaqat rossiyalik, balki Qirgʻiziston va Qozogʻistondan ham tadbirkorlar qiziqyapti. Joriy yildayoq ushbu davlatlar bozorlariga oʻz tovarlarimiz bilan chiqamiz”, - deya qoʻshimcha qildi u.

“Prodekspo-2019” ekspozitsiyasi maydoni 100 ming kv.m.dan oshadi. Unda 65 ta mamlakatdan 2500ga yaqin kompaniya qatnashmoqda. Koʻrgazma Rossiya qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan RF Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotir. Uning dasturidan sohaga doir forumlar, davra suhbatlari, mahorat maktablari, taqdimotlar va professional koʻrik-tanlovlar ham joy olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?