Sirdaryo viloyati hokimining tadbirkorlarga murojaati eʼlon qilindi

14:26 11 Noyabr 2019 Jamiyat
2194 0

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev tadbirkorlarga murojaat qildi, unda viloyat hokimi har bir tadbirkorga yaqin koʻmakchi ekanligini, kunning istalgan vaqtda shaxsan oʻziga murojaat qilishlari mumkinligini bildirib, aloqa telefon raqamini ham qoldirdi. Quyida mazkur murojaat matni bilan toʻliq tanishishingiz mumkin.

Sirdaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda qulayliklar yaratish maqsadida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha tadbirkorlar va ishbilarmonlarga viloyat hokimining

MUROJAATI

Qadrli doʻstlar va aziz ishbilarmonlar!

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 7-noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, pirovardida yangi ish oʻrinlari yaratish, mahalliy byudjetga tushumlar hajmini koʻpaytirish hisobiga xalqimizning turmush tarzini yanada yaxshilash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, shuningdek aholining muhtoj qatlamini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, muhtaram Yurtboshimiz “Ikkita ish joyi yaratgan odamni yelkamda koʻtaraman! Agar tadbirkorga sharoit yaratmasak natija boʻlmaydi“ degan ustuvor gʻoyani ilgari surdilar.

Bundan tashqari, “hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes subyektlari tashkil etish va tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda ularni hal etishga sarflashi lozimligi” taʼkidlab oʻtildi.

Tadbirkorlik - bu eng avvalo hududni har tomonlama rivojlanishining asosiy iqtisodiy vositasi va taraqqiyot lokomotivi hisoblanadi.

Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar, muhtaram Yurtboshimizning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganliklari bejizga emas. Sababi mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash, rivojlangan davlatlar safidan joy olishida kichik va oʻrta biznesning oʻrni va roli oʻta muhimligini barchamiz vijdonan his qilishimiz lozim.

Tarixdan ham maʼlumki, ulugʻ bobokalonimiz Amir Temurning “Tajribamda koʻrilgan kim, ishbilarmon va shijoat sohibi, azmi qatʼiy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir”, degan xulosasini keltirib oʻtish oʻrinlidir.

Mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikni davlat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanishi, kundalik faoliyatida uchrayotgan muammolarni Hukumat darajasida hal etilishi maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonalari tashkil etilganligi ham buning yaqqol isbotidir.

Qabulxonalar tashkil etilgandan keyingi davr mobaynida ular tomonidan viloyat boʻyicha 1108 nafar tadbirkorning 984 ta muammoli masalalari ijobiy hal etib berildi. Bu esa oʻz navbatida mamlakatimizda tadbirkorlikning qoʻllab-quvvatlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oddiy qilib aytganda bugun har bir tadbirkor davlat himoyasida ekanligini anglab yetmoqda.

Hozirgi kunda tadbirkorlar, oʻrta va kichik biznes subyektlari jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda. Rivojlangan davlatlarda tadbirkorlik subyektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodini tashkil etadi va mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortigʻini ish bilan taʼminlaydi.

Bugungi kunda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlari soni 10189 tani tashkil etib, ularda jami ish bilan band aholimizning 60 foizi mehnat qilmoqda.

Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar!

Joriy yilning 1-noyabr holatiga viloyatimizda byudjet daromadlari 1,1 trln.soʻmni tashkil etib, ularning 830 mlrd.soʻmi yoki 74 foizi aynan xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Mahalliy byudjet xarajatlarini tahlil qiladigan boʻlsak, 835 mlrd.soʻm yoki 67 foiz xarajatlar aynan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq sohalarga yoʻnaltirilmoqda.

Shu jumladan, taʼlim sohasiga 484 mlrd.soʻm, sogʻliqni saqlash va sport sohasiga 305 mlrd.soʻm, madaniyat va fan sohasiga 10 mlrd.soʻm, kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar uchun 36 mlrd.soʻm mablagʻlar ajratilgan.

Bundan tashqari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyat boʻyicha 11 ta tuman, shaharlardagi 32 ta qishloq va mahallalarda ijtimoiy soha obyektlari, ichimlik suv obyektlari, ichki yoʻllar, obodonlashtirish va piyodalar yoʻlaklarini qurish ishlariga 65 mlrd.soʻm mablagʻ sarflandi.

Bundan koʻrinib turibdiki, jamgʻarilayotgan ushbu mablagʻlar asosan farzandlarimiz kelajagi uchun, nogiron, keksa va bemorlar sogʻliqlarini tiklash uchun yoʻnaltirilmoqda.

Albatta, bugungi kunda joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar va keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlarida Siz aziz tadbirkorlarimizning munosib hissangiz bor.

Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Muhtaram Prezidentimizning soʻzlari bilan aytganda, “Biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz”.

Bu borada Yurtboshimizning Xovos tumaniga joriy yildagi tashriflari davomida biz sirdaryoliklarga ishonch bildirib, tadbirkorlikni rivojlantirishda respublika boʻyicha “Xovos tajribasi”ning joriy etilishi juda katta masʼuliyat yukladi.

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, viloyatda quyidagi ustuvor vazifalarni belgilab oldik:

birinchidan, yalpi hududiy mahsulotda kichik biznesning ulushini bugungi kundagi 76 foizdan yil yakuniga qadar 80 foizga oshirish;

ikkinchidan, muhtaram Prezidentimizning Farmoni bilan 897 gektar maydonda tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonadagi 41 ta loyihalarni amalga oshirish va ularda Farmonda nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllash orqali import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish;

uchinchidan, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini uch toifaga ajratish, xususan, oʻzi, hech qanday yordamsiz mustaqil faoliyat koʻrsatayotgan subyektlar, toʻliq quvvatda ishlamayotgan subyektlar, faoliyat koʻrsatmayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari roʻyxatlarini shakllantirib, har birining muammoli masalalari yoki ishlamaslik sabablarini aniqlash hamda muammolarini yechish yuzasidan yoʻl xaritasini ishlab chiqish va ijrosini taʼminlash;

toʻrtinchidan, suv tanqisligi tufayli foydalanishdan chiqib ketgan 4600 gektar ekin maydonlariga artezian quduqlar qazish orqali kichik (1-5 gektarlik) bogʻdorchilik, uzumchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish;

beshinchidan, “Ye-ijro auksion” elektron savdo maydoniga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 94 gektarlik 339 ta yer uchastkalarini savdoga chiqarish va ushbu yer uchastkalarida savdo doʻkonlari, maishiy xizmat shoxobchalari va ishlab chiqarish sexlari tashkil etish;

oltinchidan, viloyatda mavjud 551 ta boʻsh turgan obyektlarni ijaraga berish yoki sotish orqali kichik biznes subyektlarini tashkil qilish kabi masalalarni birgalikda amalga oshiramiz.

Bugungi kunda tadbirkorlar uchun soliq tizimida alohida imtiyoz va preferensiyalarning berilganligi, jumladan, soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019-yildan yuridik shaxslarning foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk soligʻi stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq toʻlovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.

Soliq turlari orasida eng yuqori stavkali soliq hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻining amaldagi 20 foiz stavkasi 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab, 15 foizga pasaytirildi.

Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar, bugun kichik va oʻrta biznes sektorida ishlayotgan har yuz ishchining 60 nafari mehnat qonunchiligi asosida rasmiylashtirilmaganligi, ularga konvert usulida ish haqi berilishi ushbu ishchi-xodimlarning ijtimoiy huquqlari buzilishiga olib kelmoqda.

Boshqacha aytganda, kelajakda ular pensiya va boshqa nafaqa olish huquqlaridan mahrum boʻlmoqda. Shundan kelib chiqqan holda bugundan boshlab, har bir tadbirkor norasmiy ishlayotgan ishchi-xizmatchilarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, ular bilan mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat daftarchalari yuritish, oʻrnatilgan tartib asosida ish haqi berish tizimini yoʻlga qoʻyib, ularning kelajak hayotidagi ijtimoiy nafaqa va pensiya olish zaminini yaratishi kerak.

Viloyatimiz kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha qulayliklar va imkoniyatlarga ega.

Jumladan, viloyatimiz poytaxtga yaqinligi, Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalari bilan chegaradoshligi esa ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport qilish imkoniyati yuqoriligidan dalolat beradi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qayta ishlash uchun xom ashyo bazasining yetarli ekanligi, infratuzilma obyektlarining, jumladan magistral avtomobil yoʻllari va temir yoʻllari mavjudligi bilan boshqa viloyatlardan ajralib turadi.

Birgina misol, viloyatimizdan oʻtuvchi “M-34” va “A-373” avtomagistral yoʻllaridan bir sutkada oʻrta hisobda 45-50 mingdan ortiq transport vositalari harakatlanishini inobatga olsak, ushbu avtomagistral yoʻl boʻylarida aholiga pullik xizmat koʻrsatish, jumladan umumiy ovqatlanish, avtotransport vositalariga texnik xizmatlar koʻrsatish, mehmonxonalar, motellar va boshqa xizmat turlarini tashkil qilishni yoʻlga qoʻyishimiz mumkin.

Shu oʻrinda barchangizni muhtaram yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshish uchun sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiraman!

Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar, oʻz faoliyatlaringizni yanada kengaytirish, qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solib, har biringiz kamida 1 yoki 2 tadan ish oʻrinlari tashkil etib, band boʻlmagan aholini doimiy ish bilan taʼminlasangiz, viloyat boʻyicha yangi ish oʻrinlari 10 mingdan 20 mingtagacha ortadi. Bu esa qanchadan-qancha oilalarning farovonligiga va turmush darajasining ortishiga olib keladi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda men viloyat hokimi sifatida Siz azizlarning birinchi darajadagi koʻmakchingiz boʻlaman.

Bu borada erkin faoliyat yuritishingiz uchun qonun ustuvorligini taʼminlanishiga;

hududlarda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishingizda mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda belgilangan tartibda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda va yer maydoni ajratilishida;

Sizning tadbirkorlik faoliyatingizga noqonuniy tekshirishlarga barham berilishiga, soliq shaffofligini taʼminlanishiga kafolat beraman.

Shuningdek, barcha masalalarda shaxsan menga kunning istalgan vaqtida, (67) 235-01-23 telefoniga murojaat etishingiz mumkin. Yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyat prokurori R.Masharipov(67 235-10-07)ga, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sh.Mavlyanov (67 225-55-50)ga hamda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi J.Gʻoibov (67 225-36-19) larga ham murojaat qilishingiz mumkin.

Sizlar uchun doimo viloyat hokimligi va barcha tashkilotlarning eshiklari ochiq.

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilayman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?