Sirdaryoda Prezident tashrifida belgilangan 32 ta korxonaning birinchisi ishga tushdi

18:20 09 Mart 2019 Siyosat
678 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatiga 2019 yil davomida viloyat hududida 32 ta tikuvchilik hamda toʻqimachilik korxonasini tashkil etish va ularda yaratiladigan 4200 ta yangi ish oʻrniga xotin-qizlarni ishga joylashtirish vazifasini belgilab bergan edi.

Ana shu topshiriq ijrosi doirasida Xovos tumanining Bunyodkor mahallasida dastlabki yengil konstruksiyali tikuvchilik majmuasi foydalanishga topshirildi.

Mazkur korxonani joylashtirish hududini belgilash, zarur tegishli muhandislik tarmoqlariga ulanishida Sirdaryo viloyati va Xovos tumani hokimliklari tomonidan zaruriy amaliy yordam koʻrsatildi.

Loyiha amalga oshishi natijasida 140 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlandi.

Korxonada yiliga 8 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari-sochiq, bolalar va kattalar kiyimlari, maxsus kiyimlar, choyshablar ishlab chiqarish va dastlabki yillar davomida 60 foiz mahsulotni eksportga yoʻnaltirish moʻljallangan.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, korxonalarni ishga tushirish muddatlari 2019 yilning 10 martidan 2020 yilning 1 yanvar kuniga qadar etib belgilangan. Tashkil etilayotgan ishlab chiqarish subyektlarida 1 smenada 4200 nafar, 2 smenada esa 8400 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlanishi kutilmoqda. Hozir hududiy xotin-qizlar qoʻmitalari tomonidan qishloq joylarda yashovchi 4200 nafardan ortiq ishlash istagini bildirgan ayollar roʻyxati shakllantirildi.Shu bilan birga viloyat oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda 8 ta tumandagi 25 ta kasb-hunar kollejida xotin-qizlarni tikuvchilik kasbiga oʻqitish uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etish boʻyicha ham reja-jadval ishlab chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?