Sirdaryoda “Oʻtovlar shaharchasi” barpo etildi

18:29 27 Sentyabr 2018 Madaniyat
702 0
Foto: Ahmadali Shernazarov/“XALQ SOʻZI ONLINE”.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “M-39” (Toshkent — Termiz) xalqaro avtoyoʻlining Mirzaobod tumani hududidan oʻtadigan qismi yoqasida oʻtovlar tikilgan manzil bunyod etildi. Eʼtiborlisi, uning bekat-doʻkoni uchun ham ana shu qadimiy turar-joy imorati koʻrinishi tanlandi.

Xoʻsh, yoʻldan oʻtayotganlarning eʼtiborini oʻziga jalb etib, Mirzachoʻlning qadimiy oʻtmishiga xos ekzotik manzara hosil qilgan mazkur oʻtovlar nima maqsadda tikildi?

Foto: Ahmadali Shernazarov/“XALQ SOʻZI ONLINE”.

“Maʼlumki, asrlar davomida Mirzachoʻl yaylovlarida tuya boqish chorvachilikning eng muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan. Menda shu yoʻnalish boʻyicha ayni vohada tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish va tuya suti bilan davolaydigan xalqona tibbiy xizmatni tashkil qilish niyati bor edi. Qolaversa, biznes gʻoyam mazmunan tabiat bilan uygʻun boʻlishini ham istagandim. Shu bois oʻtovlar tikilgan hududdagi tabiiy muhitni, yaʼni bu yerdagi yulgʻun, yantoq va boshqa choʻl oʻsimliklarini oʻz holicha saqlab qoldik. Kelajakda esa saksovul koʻchatlari keltirib, ularni ham geometrik sxema asosida emas, guyo tabiiy holda oʻsayotgandek joylashtirishni niyat qilganmiz. Maʼlumki, yovvoyi tabiat, ayniqsa, choʻl muhiti kishi ruhiga sokinlik baxsh etadi. Boʻsh turgan tashlandiq bostirma binosidan ferma sifatida foydalanyapmiz. Hozircha 30 ta tuyamiz bor. Hademay, ular yana 12 taga koʻpayadi. Davolanuvchilarga tuya suti sogʻilgan zahoti issiqligida taqdim etiladi. Albatta, bundan oldin u maxsus filtrlash jarayonidan oʻtkaziladi. Oʻtovlarga sandal ham oʻrnatganmiz. Unda gʻoʻzapoyadan choʻgʻ hosil qilamiz. Amalda maʼlumki, gʻoʻzapoya choʻgʻining tafti tanadagi dardlardan forigʻ boʻlishda yaxshi samara beradi. Shuningdek,ayni chogʻda zamonaviy tibbiy apparatlarni keltirish va malakali tibbiyot xodimlarini ishga jalb etish harakatidamiz”, - deydi mazkur loyihani amalga oshirgan Muhiddin Mahkamov.

Foto: Ahmadali Shernazarov/“XALQ SOʻZI ONLINE”.

Tadbirkor Muhiddin Mahkamovning aytishicha, Surxondaryoning turli qishloqlaridan olib kelingan oʻtovlarning “yoshi” ham 50-60 yilning narisida ekan. Masalan, sherobodlik 82 yoshli Gʻuzor bobodan sotib olingan oʻtov unga uylanganida oʻsha vaqtning urfiga koʻra otasi tomonidan “Qora uy” sifatida tiklab berilgan ekan. Shu maʼnoda oʻtovlarni raqamlash bilan birga, har biriga ularning tarixi, asl egasi, eski manzili yozilgan lavhalarni ham ilib qoʻyilishi bu manzilning hademay moziydan hikoya qiluvchi maskanga aylanishini ham kafolatlaydi. Va shubhasiz, ulkan xalqaro avtoyoʻl tegrasidagi ushbu goʻsha “Oʻtovlar shaharchasi” sifatida turizmning sevimli bekatiga ham aylanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?