Sirdaryoda OAV xodimlari bayrami arafasida vaʼda qilingan planshetlar jurnalistlarga topshirildi

17:26 27 Iyun 2019 Jamiyat
287 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Gulistondagi “Marvarid” tantanalar saroyida 27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Sirdaryo viloyatining toʻrtta sektori rahbarlari, hududda faoliyat koʻrsatayotgan barcha OAV xodimlari, markaziy nashrlar, Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining viloyatdagi muxbirlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Shuningdek, tantanaga Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida hamda boshqa oliy oʻquv yurtlarining jurnalistika yoʻnalishida taʼlim olayotgan sirdaryolik talabalar ham taklif etildi.

Tantanada Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev matbuot xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning ijodiy ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Avval xabar qilganimizdek, viloyat rahbari bayram arafasida jurnalistlar bilan uchrashganda, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni tadbirini har yilgidan-da tantanavor ruxda oʻtkazib, OAV xodimlarining ijodiy samaradorligini yanada oshirish maqsadida ularga planshetlar sovgʻa qilinishini aytgan edi.Bugungi tadbirda muxbirlar faoliyatida juda zarur boʻlgan, axborotlarni tezkorlik bilan tayyorlash va uzatishda asqatadigan 80 ta ana shunday zamonaviy vositalar egalariga topshirildi. Qolaversa, soha faxriylari, faol jurnalistlardan iborat katta guruh ham esdalik tuhfalari bilan siylandilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?